Vaziyat jiddiy. Ukraina xalqi urushga tayyorlanmoqda
Olam
−
02 fevral 2022
22811So‘nggi paytlarda yanada kuchayib borayotgan urush tahdidi ortidan Ukraina harbiylari aholi bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Mashg‘ulotlarga nafaqadagi harbiylar va volontyorlar ham jalb qilingan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Ukraina chegarasi bo‘ylab katta qo‘shin to‘plagan Rossiya G‘arbning urush boshlanishi yaqinligi haqidagi bayonotlariga qo‘l siltab kelmoqda.
Son jihatidan ustun bo‘lgan Rossiya armiyasining 100 ming chog‘li harbiylari Ukraina chegarasiga joylashtirilgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda aktiv harbiylar soni Rossiyada 900 000 dan ortiqni tashkil etib, bu raqamlar Ukrainada 250 000 atrofida.
Kecha, 1 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy armiyada harbiylar sonini yana 100 000 ming nafarga oshirish to‘g‘risida qarorni imzolagan.
Hukumat armiyasiga ko‘maklashish maqsadida ukrain xalqi qo‘liga qurol olib jangga tayyorlanmoqda. Harbiy mashg‘ulotlarda qatnashayotganlar orasida yoshlar va ayollar ham bor.
2014 yil Qrim uchun bo‘lgan jangda qatnashgan veteran harbiylarga ko‘ra, bu safar jang bo‘lishi aniq va fuqarolar Vatan himoyasi uchun jonini tikmoqda.
Rossiya agressiyasiga qarshi Ukrainaning yonini olayotgan AQSH va G‘arb Moskvani jiddiy ogohlantirib unga qarshi yangi sanksiyalar paketi haqida ma’lum qilgan.
Ukraina rahbari bilan vaziyatni muhokama qilish uchun kecha, 1 fevral kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga yetib kelgan. Jonson Ukrainada turib, Rossiya hujumga o‘tsa, rus biznesiga qarshi sanksiyalar avtomatik tarzda kuchga kirishini ma’lum qildi va hammasi Putinning qo‘lida ekanini eslatdi.
Ukraina-Rossiya nizosi
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa boshqa tomonda urushga qarshi harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘t ochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmaitchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.
LiveBarchasi