Vaziyat jiddiy. Dunyoda butun pandemiyadagi yangi antirekord qayd etildi 

Olam

image

Oxirgi haftada dunyoda 18 milliondan ortiq odam koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi, bu butun pandemiya davridagi yangi antirekorddir. Aniqlangan infeksiya holatlari oldingi yetti kunga nisbatan 20 foizga oshdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.  

Ta’kidlanishicha, o‘lganlar soni 4 foizga ko‘payib, 45 mingdan oshgan. 10 yanvardan 16 yanvargacha JSSTning haftalik byulletenida “yangi holatlarning oldingi haftaga nisbatan 20 foizga oshgani” qayd etilgan, ya’ni 18 739 636 kishi kasallangan. Yetti kun ichida 45 543 ta o‘lim qayd etilgan, bu avvalgi haftaga nisbatan 4 foizga ko‘p. 

JSSTning oltita mintaqasidan beshtasi tashkilotga infeksiyalar soni o‘tgan haftaga (3-9 yanvar) nisbatan oshgani haqida ma’lum qilgan, faqat Afrikada 27 foizga kamayish kuzatilgan. Raqamlar, ayniqsa, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy O‘rta yer dengizida yuqori bo‘lib, bu yerda oldingi yetti kunga nisbatan mos ravishda 145 foiz va 68 foiz ko‘proq yangi holatlar qayd etilgan. 

O‘sish Yevropa (10 foizga), Amerika (17 foizga) va G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida (38 foizga) ham qayd etilgan. 

Qo‘shma Shtatlarda bir hafta ichida eng ko‘p infeksiya qayd etilgan (4 688 466). Undan keyingi o‘rinlarda Fransiya (2 012 943), Hindiston (1 594 160), Italiya (1 268 153) va Buyuk Britaniya (813 326) joy olgan. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yanvar holatiga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri dunyoda 328 532 929 kishi kasallangan va 5 542 359 kishi vafot etgan. O‘tgan sutkada 1 586 889 ta infeksiya va 5 255 o‘lim holati qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST koronavirus

Baholaganlar

651

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing