Vaziyat yomon tomonga qarab ketyapti – Turdimov samarqandliklarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekistonda va o‘z hududida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli samarqandliklarga murojaat bilan chiqdi. U vaziyat og‘irlashayotganini, har kuni ko‘plab tuman va shaharlarda kasallik aniqlanayotganini ma’lum qildi.

“Bugungi kunda vaziyat yomon tomonga qarab ketyapti. Viloyatda bir kunning ichida, 10 iyul kuni 37 ta holat aniqlandi. Kasallanganlarning jami soni 573 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 475 nafari sog‘aygan. Samarqand shahrida bir kunda 27 ta holat aniqlandi. Bemorlarning 3 tasi Pastdarg‘om tumanida, 2 tasi Kattaqo‘rg‘on tumanida qayd etildi. Davolanayotgan bemorlardan 3 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, 18 nafar bemor og‘ir ahvolda qolmoqda. 2 775 nafar fuqarolar karantinda bo‘lib turibdi”, dedi Turdimov.

Viloyat hokimi butun mamlakatga qat’iy karantin qaytganini ta’kidlab, fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Bu kasallikka ishonmayotganlarga esa og‘ir ahvolda yotganlarni eslatib o‘tdi.

“1 avgustga qadar mamlakat bo‘ylab “qizil” hududdagidek karantin qoidalari joriy qilindi. Bu masalaga jiddiy qarashingizni so‘rayman. Chunki ko‘rsatkichlar yaxshi tomonga ketmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda eshityapmiz, odamlar “bu yo‘q narsa, COVID-19 o‘ylab topilgan”, deb karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqda. Men bejizga 3 nafar fuqaroning o‘ta og‘ir ahvolda ekanligini, 18 kishi og‘ir holatdaligini aytmayapman. Bu bor narsa ekanki, shunday ko‘rsatkichlar kuzatilyapti. O‘zimizni, bir-birimizni asramasak, o‘lim holatlari ko‘payishi mumkin. Buning oldini olishimiz, fuqarolarimizni asrashimiz kerak. Birinchi maqsad shu”, deya fuqarolarni ogohlantirdi Erkinjon Turdimov.

U so‘zida davom etib, joylarda barcha tuman hokimlari, mutasaddi tashkilotlar kam ta’minlangan oilalarga, ishini yo‘qotgan, qiynalgan oilalarga oziq-ovqat ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatib borishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, viloyat rahbari uyda davolanishga urinayotgan fuqarolarga isitma boshlanishi bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilishlari kerakligini eslatib o‘tdi.

“Fuqarolarimiz koronavirusga yo‘liqqandan keyin o‘zlaricha davolanib, pnevmaniyaga aylangandan so‘ng tibbiy muassasalarga murojaat qilmoqda. Bunday holatlar ko‘plab uchrayapti. Isitma paydo bo‘ldimi, darhol tibbiy muassasaga murojaat etishingizni so‘rayman. Tibbiyot xodimlari, mutaxassislar kerakli choralarni ko‘rishadi.

Shuning uchun, o‘zimni davolayman, tez o‘tib ketadi, bu o‘tkinchi narsa, ikkita tabletka ichsam, yaxshi bo‘laman, degan narsadan yiroq bo‘ling, darhol tibbiyot muassasasiga murojaat qiling. Shunda ko‘plab noxushliklarning oldini olamiz. Agar birlashsak, koronavirusni yengamiz”, dedi Turdimov.


Maqola muallifi

Teglar

Erkinjon Turdimov Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

324

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing