Vaziyat tarang: Muxolifat yetakchisi butun Turkiyani namoyishlarga chiqishga chaqirdi
Olam
−
21 mart
9821Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel bugun, 21 mart kuni butun Turkiya aholisini iftorlikdan so‘ng, ko‘chaga chiqishga va namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi. U bu haqda Beylikduzu munitsipalitetida bayonot berdi.
“Soat 20:30 da iftordan keyin 81 viloyat va 973 tumanda o‘tkazadigan katta mitinglar, maydonlar va ko‘chalarga butun Turkiyani taklif qilaman”, dedi O‘zel.
U Turkiya xalqini ko‘chaga chiqishga chorlar ekan, aholiga politsiyaga tegmaslik, ularga kuch ishlatmasdan harakat qilish lozimligini eslatdi.
“Menda faqat bitta ogohlantirish bor. Har qanday reaksiya huquqdir. Agar maydonga noqonuniy kirish buyrug‘i bo‘lsa, politsiyaga hujum qilmasdan, uning yonidan o‘tib ketamiz. Lekin biror politsiyachi yoki zobitga qasddan hujum qilish, suv sepish yoki kaltaklash bizning ishimiz emas. Ammo biror kimsa qonunga zid ravishda oldimizga to‘siq o‘rnatgan bo‘lsa, uni buzib, militsiyaga zarar yetkazmasdan o‘tib keting”, degan O‘zel
O‘zel Beylikduzudagi murojaatida Davlet Bahcheli va Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning “odamlarni ko‘chaga chaqirish mas’uliyatsizlikdir”, degan so‘zlariga javob qaytardi. U fuqarolarni kuyish yoki yo‘q qilish uchun emas, balki qo‘llarni birlashtirish, jang qilish uchun emas, balki bolalarni himoya qilish uchun chaqirayotganini iddao qildi.
“Men millionlab odamlarni demokratik yo‘l bilan ko‘chalarga chiqishga, o‘n minglab, yuz minglab, millionlab odamlar timsolida tinch namoyishlar bilan demokratik munosabatimizni ko‘rsatishga, konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanishga taklif qilaman”, deya ta’kidlagan JXP yetakchisi.
U shuningdek, o‘zi nutq so‘zlayotgan Beylikduzu munitsipalitetining rahbari va ayni damda Imomo‘g‘li bilan birga hibsga olingan Murat Chelikning Hataydagi zilzila paytida ko‘rsatgan jonbozliklari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Bu yerdan butun Turkiya eshitsin. Zilzila sodir bo‘lganda, Hatayga borish uchun hokimlarni chaqirdik, Murat Chalik telefonga javob berdi va "Hataydaman" dedi. U birinchi bo‘lib Hatayga bordi. Keyin nima qildi? Qo‘lida qalam bilan nimadir chizdi. Bu odam nima qilayotganini hech birimiz tushunmadik. Keyin 400 ta chodirning infratuzilmasi 3 kundan so‘ng tayyor bo‘ldi. Men o‘sha chodir shahar 3 kun ichida 5 ming kishini qabul qilganini va juda qisqa vaqtdan keyin aql bovar qilmaydigan konteyner shaharga aylanganini ko‘rdim. Bir burchakda o‘t o‘chirish stansiyasi va sog‘liqni saqlash markazi bilan. Bolalar bog‘chasi, maktab va psixologlar bilan. U yerdagi hammani uch-to‘rt hafta ovqat bilan ta’minladi. 3 haftadan so‘ng u aql bovar qilmaydigan shaharni yaratdi”, dedi O‘zg‘ur O‘zel.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi