Vaziyat qaltis – To‘qayev TDTda xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirdi
Olam
−
03 noyabr 2023
10981Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy Davlatlar Tashkiloti standartlari va terminologiyasini tizimlashtirish va tegishli qonun loyihasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda u Turkiy davlatlar tashkilotining Ostonadagi sammitida so‘z ochdi.
“Turkiy davlatlarning sinxron rivojlanishini ta’minlash muhim. Biz davlatlarimiz standartlari va terminologiyasini tizimlashtirishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Shu munosabat bilan namunaviy qonun loyihasini imkon qadar tezroq ko‘rib chiqishni va uni tasdiqlashni so‘rayman”, degan To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus tovarlarni umumiy bozorga erkin eksport qilish yo‘lini ochadi.
“Yagona standartlar yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini qariyb 1 foizga ta’minlaydi. Hozir mamlakatlarimizning yalpi ichki mahsuloti qariyb 1,4 trillion dollarni tashkil etadi. Joriy yilda tashkilot a’zolari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 22 milliard dollardan oshdi. Umumiy talablar tasdiqlansa, bu ko‘rsatkichni 1,5 barobarga oshirish mumkin”, deydi To‘qayev.
Shuningdek, u Turkiy davlatlar tashkiloti uchun ma’lumot markazi tashkil etishni taklif qildi.
“Ushbu markaz mahsulotni sinovdan o‘tkazish natijalarining o‘zaro tan olinishini ta’minlaydi, shuningdek, kimyo va oziq-ovqat sanoati sohasida yangi tadqiqotlar olib boradi”, dedi Qozog‘iston Prezidenti.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik
Bundan tashqari, To‘qayev TDT ishtirokchilari o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash tashabbusi bilan chiqdi.
“Xalqaro vaziyat zaifligicha qolmoqda. Hozirgi notinch zamonda turkiy xalqlar birligini mustahkamlash g‘oyat muhim, bu umumiy xavfsizligimizning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Qurol va giyohvand moddalar savdosi, terrorizm, ekstremizm va migratsiya bilan bog‘liq muammolar kuchaymoqda. Bunday tahdidlarning oldini olish uchun xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish kerak”, dedi To‘qayev.
Shu munosabat bilan u kelasi yili TDT xavfsizlik kengashlari bosh kotiblarining uchinchi yig‘ilishini Ostonada o‘tkazishni taklif qildi.
“Jinoyatga qarshi birgalikda kurashish va turkiy davlatlarning moliyaviy tergov organlari o‘rtasida ma’lumot almashish to‘g‘risida bitim tuzish muhim”, deya tushuntirdi Qozog‘iston Prezidenti.
U, shuningdek, TDT mintaqalararo savdoni kengaytirish va iqtisodiyotga sarmoya kiritishga e’tibor qaratishni taklif qildi.
“Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun yashil moliya bozorini rivojlantirish zarur. Ma’lumki, Qozog‘iston Turkiy tillar yashil moliya kengashini tuzishni taklif qilgan. Ostonaga turkiy dunyoning moliyaviy markazi maqomini berish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi”, deydi To‘qayev.
Saylov sohasidagi hamkorlik
Bundan tashqari, To‘qayev TDT a’zolari o‘rtasida saylov sohasida hamkorlikni mustahkamlash tashabbusi bilan chiqdi.
“Turkiy davlatlar o‘rtasida saylov sohasida hamkorlikni kuchaytirish zarur. Markaziy saylov organlarining maslahat kengashini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. So‘nggi paytlarda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar tomonidan tashkilotimizga qiziqish kuchaymoqda”, deydi To‘qayev.
U Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga kuzatuvchi maqomi berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti TDT va Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
“Tashkilot faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirish zarur. Shu munosabat bilan Turkiy Davlatlar Tashkilotiga doimiy vakillarimizni tayinlash masalasini tezroq hal etishingizni so‘rayman. Kotibiyat xodimlari sonini oshirish taklifini ham olqishlaymiz”, deydi To‘qayev.
LiveBarchasi