Vazirlik ruxsatisiz madaniyat ob’ektlarining sotib yuborilishi holatlari kuzatilgan – Nazarbekov

Madaniyat-san’at

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilishlarning avj olishi shaharlar markazidagi yerlarga talabni oshirib yubordi. Natijada hokimlar kerak bo‘lsa, madaniy meros ob’ektlari, istirohat bog‘lari joylashgan yerlarni tadbirkorlarga berish holatlari kuzatildi.

Shunday sharoitda bir necha asrlik obidalarni, shahar markazida aholining sayr maskani bo‘lgan istirohat bog‘larini saqlab qolish muhim masalaga aylandi.

Qurilishlarning madaniy ob’ektlarga ta’siri va bularning oldini olish uchun ko‘rilayotgan ishlar haqida ma’lumot olish maqsadida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga mikrofon tutdik.

“Haqiqatdan ham o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimiga egasiz tashkilot sifatida qarab kelindi. Hattoki, viloyat va tuman hokimliklari tomonidan vazirlikning ruxsatisiz madaniyat ob’ektlarining sotib yuborilishi yoki uni buzib tashlash holatlari kuzatilgan. Bizning ruxsatimizsiz istirohat bog‘larida tadbirkorlar faoliyatini olib borishi uchun qarorlar chiqarilganligi kabi holatlar yuzasidan qonun buzilishi bo‘lgan barcha ob’ektlarimizni ro‘yxatini tuzib Bosh prokuraturaga manzilli ma’lumotlarni taqdim etganmiz. 

Bu masala yuzasidan  kelgusida ijtimoiy ob’ektlarni vakolatli organlarning ruxsatisiz hech qaysi tashkilot va idora qaror qabul qilmaslik haqida Prezidentning qarori qabul qilinib, topshiriqlari  berildi. “O‘ylaymanki, bundan tuman va viloyat hokimliklari ham xabardor bo‘lishdi”, deydi vazir Nazarbekov.

U so‘zida davom etarkan madaniyat markazlari aholi zich, shahar  hududlarda joylashganligi sababli tadbirkorlar shu yerlarga ko‘z tikkan. Keyin hokimlar qonun buzib, yerlarni tarqata boshlagan.

“To‘g‘ri, bir paytlar madaniy maskanlarini yo‘q qilish bo‘yicha bir qancha “yozishmalar” bo‘lgan. Chunki ko‘p madaniyat markazlarining aholi zich, shahar  hududlarda joylashganligi sababli tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay hisoblangan. Mana shuning uchun ham hokimliklarning yuqoridagi singari qonun buzish holatlari yuzaga kelgan. Lekin endi  bu kabi muammolar o‘z yechimini topib bormoqda. Bularga chek qo‘yish  borasidagi masalalar bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura shug‘ullanmoqda”, deya so‘zini yakunladi Ozodbek Nazarbekov.


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing