Vazirlik Amir Temur haqidagi sharmandalikka yig‘lagulik munosabat bildirdi
Jamiyat
−
01 fevral 2022
30733Avvalroq Gollivud O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish boshqarmasining “Facebook”dagi rasmiy sahifasida xorijiy videoblogerlar tomonidan “Indiana Jons O‘zbekistonda” nomi bilan suratga olingan qisqametrajli film e’lon qilingani haqida xabar bergan edik. Videoda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixidagi muhim shaxslardan biri, Temuriylar davlatining asoschisi Sohibqiron Amir Temur qonxo‘r-bosqinchi sifatida ta’riflangani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgandi.
Turizm va sport vazirligi Indiana Jons ishtirokida O‘zbekistonda tasvirga olingan va Amir Temur shaxsi qoralab ko‘rsatilgan videorolik yuzasidan munosabat bildirdi. Idora avvalo bu video Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan suratga olingani haqidagi fikrlarga e’tiroz bildirgan.
“Birinchidan, ushbu videorolik Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tasvirga olinmagan, mualliflar bilan bu bo‘yicha hech qanday kelishuv ham bo‘lmagan”, deyiladi vazirlik munosabati avvalida.
Tashkilot shundan so‘ng Amir Temur qattolga chiqarilganiga to‘xtalib o‘tgan. Qayd etilishicha, tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun ham Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixidagi eng buyuk shaxslardan biri “badiiy to‘qima” bilan qonxo‘rga chiqarilgan.
“Ikkinchidan, vazirlik videorolik avvalida sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga hayrihoh emas. Shunday bo‘lsa-da, qayd etish joizki, videoroliklarda tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun ham “badiiy to‘qima” qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin, bu auditoriyani jalb qilish maqsadida tez-tez ishlatiladigan uslubdir. Videorolikning o‘zini umumiy oladigan bo‘lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qiladi.
Shunday ekan, OAV vakillari va blogerlardan odamlarni chalg‘ituvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, savol tug‘ilgan taqdirda vazirlik matbuot xizmatiga murojaat qilib aniqlik kiritishga chorlab qolamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Idora videorolik bo‘yicha savollar bilan rolik mualliflariga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan holda, Turizm va sport vazirligi sohani rivojlantirish yo‘lida xizmat qiluvchi qiziqarli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Vazirlik bayonotidan anglashilishicha, Amir Temur shaxsi rasmiy idora tashabbusi bilan qoralanmagan. Biroq ular buni ko‘ra-bila turib, lom-mim demagan. Tomoshabin ko‘rsa bo‘ldi deb o‘zlari ham tomoshabin bo‘lishgan.
Vazirlikdagilar bu videoni Gollivud ijodkorlari suratga olganini, bu ijod mahsulini O‘zbekistondan tashqarida ham millionlab odamlar tomosha qilishini xayoliga keltirdimikin? Bu videoni ko‘rgan xorijlik Amir Temur haqida qanday xulosaga keladi? Yana video davlatning rasmiy idorasi tomonidan e’lon qilib turilsa-ya. Mutasaddilar video ijodkorlariga “xoy, sen o‘zi nimalar deyapsan, Amir Temur buyuk sarkarda, buyuk davlat asoschisi bo‘lgan deb”, ma’lumotlarni tuzatish o‘rniga, “bu bizning tashabbus emas”, deb uni tarqatishga yordam berib o‘tirishi achinarli holat.
LiveBarchasi