Amir Temur haqidagi opera Parijdagi Versal saroyida ijro etildi
Jamiyat
−
01 iyul 1974 2 daqiqa
Buyuk sarkarda Amir Temur haqidagi “Tamerlano” operasi Parijdagi Versal saroyining Qirollik operasida ijro etildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Dubay, Vena va Sankt-Peterburgdan so‘ng Jorj Friderik Handelning “Tamerlano” operasi Parijni zabt etdi”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Uning bildirishicha, ushbu asar O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri tomonidan Yevropaning eng nufuzli sahnalaridan biri – Versal saroyining Qirollik operasida ijro etilgan.

“Iqtidorli musiqachilarimizning jonli navolaridan bahramand bo‘lar ekanman, madaniy diplomatiya turli xalqlarni birlashtirishga qodir ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim”, deydi Saida Mirziyoyeva.


Ma’lumot uchun, 2024 yilning 2 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri sahnasida rejissyor Stefano Poda talqinida “Tamerlano” operasining premerasi bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Jorj Friderik Handelning (1685-1759) original musiqasi bastakor Kirill Rixter sayqalida, o‘zbek milliy cholg‘u asboblari jo‘rligida orkestr tomonidan ijro etilgan.
Operaning jahon premerasi bundan roppa-rosa 300 yil muqaddam 1724 yilda bo‘lib o‘tgan – bu G‘arbiy Yevropa musiqa san’atining Temuriylar saltanati asoschisi Amir Temurga bag‘ishlangan durdona asari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva O‘zbek milliy akademik drama teatrida Amir Temur haqidagi “Adolat fasli” spektakli tomoshasiga borgan edi.
Live
Barchasi