Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi inspeksiya tashkil etildi
Jamiyat
−
27 avgust 2020
7447O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarning cheklangan soni 18 nafar bo‘lgan Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi. Bu haqda Prezidentning “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Yangi Inspeksiya zimmasiga Hisob palatasining:
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish;
• strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
• mahalliylashtirish jarayonini yanada takomillashtirish, byudjet tashkilotlari, byudjet mablag‘larini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini o‘rganish bo‘yicha funksiyalari yuklandi.
Belgilanishicha:
Inspeksiya shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasidagi Strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish sho‘’basining 7 ta hamda Oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va unga ko‘maklashish sho‘’basining 11 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;
Inspeksiya faoliyati mazkur Farmonga muvofiq tasdiqlanayotgan Hukumat komissiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Hisob palatasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish doirasida Inspeksiyaning «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimidan foydalanishi imkoniyatini yaratadi.
Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
• Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni;
• Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni hamda uning tuzilmasini tasdiqlaydi.