Vazir o‘rinbosari hisoblagichlar atrofidagi gap-so‘zlarga javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Toshkentda o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlari iste’mol qilingan elektr energiyani bir necha barobar oshirib hisoblayotgani bo‘yicha ayblovlarni inkor qildi va vaziyatni tushuntirdi.

Sherzod Xo‘jayev so‘zlariga ko‘ra, “aqilli” hisoblagichlarga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha bir yil davomida ish olib borilgan. Bunda tizimda mavjud barcha muammolar inobatga olingan, jumladan, qish va yoz o‘rtalarida bosimning tushib ketishi, elektr tarmoqlarining qoniqarsiz ahvoldaligi hamda ming afsus bilan aytish kerakki, iste’molchilarning o‘g‘rilik qilishga urinishi. 

“Eski hisoblagichlar o‘rtacha 30 yil ishlaganligini hisobga olganda, undagi mexanizmlar juda eskirgani sababli katta miqdorda elektr energiyani hisobga olmagan. Induksion elektr energiya hisoblagichidan yangi hisoblagichga o‘tganda tabiiyki, elektrning butun hajmi qayd etilmoqda. Eski hisoblagichlar bu hajmlarni qayd etmagan”, deb tushuntirdi Xo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, aholidan kelib tushayotgan shikoyatlarning aksariyati hisoblagich o‘rnatuvchilarga taalluqli. “Ha, bu hisoblagichlar hamma yerda ham sifatli hamda uy egalari ishtirokida o‘rnatilgan emas. Muayyan muammolar mavjud, biz buni tan olamiz”, dedi vazir o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosari iste’molchilarning yangi hisoblagichlar noto‘g‘ri ishlashi haqidagi gaplarga ishonmasligini bildirdi.

“Biz ushbu iste’molchilarga hurmat va tushunish bilan qaraymiz, ammo men bunga ishonmayman”, deya qo‘shimcha qildi Xo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir hisoblagich metrologik tekshiruvdan o‘tadi. U aniqlik bilan ishlasagina, ekspertizadan o‘tgan hisoblanadi, aks holda nosoz mahsulotga chiqariladi.

Yangi hisoblagichlarni o‘rnatish elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yo‘lga qo‘yish doirasida amalga oshirilmoqda, bu jarayon 2021 yil 1 dekabrdan kechiktirilmasdan butun O‘zbekiston aholisini qamrab olishi kerak. Toshkentda hisoblagichlarni almashtirishni yil oxirigacha yakunlashga va’da berilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

elektr hisoblagich Jamshid Xo'jaev

Baholaganlar

58

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing