Vazir Umarova haligacha Qonunchilik Palatasiga hisobotga kelmadi – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
14 avgust
27878Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimga tasdiqlanganidan beri Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga biron marta hisobotga kelmadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Vazir Umarova Qonunchilik Palatasiga, tasdiqlanib ketganidan keyin biron marta ham hisobotga kelmadi. Davlat rahbari aytganidek: Parlamentga munosabat xalqqa munosabatni ko‘rsatadi… Tarbiya va ta’limda statistika bilan o‘zimizni aldamasligimiz kerak, bu kelajakka xiyonatdan boshqa narsa emas!” deb yozadi deputat.
Uning aytishicha, hukumatning davlat dasturi ijrosi bo‘yicha yarim yillik hisoboti tinglangan va “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi an’anaviy tarzda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatiga e’tibor qaratgan.
“Tarbiya va ta’lim – islohotlarning eng ustuvor masalasi sifatida qabul qilinib, keragicha mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa-da, vazirlik yetarli ishlar qilmayapti deb hisoblaymiz, chunki bog‘cha va maktab o‘zgarmayapti”, deydi Alisher Qodirov.
U mas’ullar tarbiya va ta’limda natija ko‘rinishi uchun vaqt kerakligini aytayotgani, biroq vaqti kelib natija ko‘rinishi uchun bugun tizimli ishlar bo‘lishi kerakligini urg‘uladi. Shuningdek, Qodirov bog‘chada 126 ming tarbiyachining 48 ming nafari oliy ma’lumotga ega ekanini ta’kidlab, “Tarbiyaning hal qiluvchi bosqichi kimlarning qo‘lida?” degan savolni o‘rtaga tashlagan.
“20 yil ishlab, malaka topmagan, yoki, qo‘lida diplomi bilan sohada adashib yurganini juda yaxshi biladigan, boshqa ish chiqquncha bog‘cha yoki maktabda kun sanab yurganlarni malakasini oshirish uchun pul sarf qilishda ma’no bormi?” deydi Alisher Qodirov.
Uning fikricha, tarbiyachi ham, o‘qituvchi ham ish o‘rnini yo‘qotmaslik uchun o‘z ustida tinimsiz ishlashi, ish beruvchi oldida malakasini tasdiqlashi kerak. Bu xarajatlarni kamaytirib, maoshlarni jozibali qilish uchun qo‘shimcha manba yaratadi, hamda tarbiyachi va o‘qituvchilarni raqobatbardosh qiladi, tarbiya va ta’lim sifatini oshiradi.
“Balki deputatlar joylarda ko‘zi bilan ko‘rayotganlari xatodir? Vazirlik ajoyib ishlarni qilayotgandir? Buni xalq vakillariga kim izohlaydi?” deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori maktabda ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, soat 16:00 gacha o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, ya’ni maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qilgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng direktorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51- moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llandi.
LiveBarchasi