Vazir Prezidentni sehrlashga uringanlikda ayblandi
Olam
−
28 iyun
44648Maldiv orollarida Atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va energetika vaziri Fotimat Shamnaz Ali Salim mamlakat Prezidenti Muhammad Muizzuga qarshi qora sehr ishlatmoqchi bo‘lganlikda ayblandi. Bu haqda “Sun Online” xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazir va yana ikki kishi mamlakat Prezidentiga qarshi jodugarlik qilgani uchun hibsga olindi. Politsiya Salim xonim va yana ikki kishiga nisbatan tergov boshlanganini tasdiqladi, biroq qora sehrdan foydalanish haqidagi mish-mishlarga izoh bermadi.
“Praditin Time” telekanali aniqlik kiritishicha, vazir 23 iyun kuni hibsga olingan. U bilan birga uning qarindoshlaridan biri va go‘yoki sehrgar hibsga olingan. OAV xabarlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning barchasi Salim xonim yana Prezidentga yaqin bo‘lishi uchun sehr marosimida qatnashgan.
Aytilishicha, Salim xonim muhim mavqega ega, chunki Maldiv orollari iqlim inqirozi bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Orol davlati atrofidagi suv sathi ko‘tarilmoqda, bu esa asr oxiriga kelib mamlakatni yashash uchun yaroqsiz holga keltirishi mumkin. Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri bo‘lgunga qadar u Prezident saroyida ishlagan. Bundan tashqari, uning sobiq eri avval Prezidentning yaqinlaridan biri bo‘lgan va vazir lavozimini egallagan, biroq bir necha oy oldin u ishdan chetlashtirilgan.
“South China Morning Post” nashrining yozishicha, Maldiv orollarida kimnidir “issiq-sovuq qilish” amaliyotlari keng tarqalgan. Marosimlar siyosatda ham qo‘llaniladi. Masalan, 2013 yilda Maldiv muxolifati mahalliy hukumat va politsiyaga qarshi yovuz ruhlar va la’natlangan tovuqdan foydalanganlikda ayblangan.
Mamlakatda sehrdan foydalanish jinoiy javobgarlikka olib kelmaydi, ammo amaldagi shariat qonunlariga ko‘ra, sehrgar yoki jodugar olti oygacha qamoqqa olinishi mumkin.
LiveBarchasi