Vazir magistraturaga kirish uchun chet tili sertifikati talab qilinishi masalasiga oydinlik kiritdi
Jamiyat
−
07 iyun 2022
248222022-2023 yilda magistratura bosqichiga hujjat topshirish uchun chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat talab qilinadi. Bu haqda bugun, 7 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu yil magistraturaga hujjat topshirish uchun chet tili sertifikati majburiyligicha qoladi. Mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi, faqat diplomning o‘rtacha bali hisobga olinadi. Kvota to‘lmasa, qishda yana bir marta qabul bo‘ladi.
“Agar bola ingliz tilini bilmasa yo haminqadar bilsa, qanday tadqiqot olib boradi? Hozirgi zamon bilan qanday bellashadi? Shuning uchun ham biz ruxsat oldik: xalqaro yo mahalliy chet tili sertifikat bilan hujjat topshirgan abituriyent magistraturaga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon topshirmaydi. Mutaxassislik bo‘yicha imtihon – qariyb bor bo‘yi bilan korrupsiya. Diplomning o‘rtacha balli hisoblanadi va bu bilan hujjat topshirgan abituriyent magistr bo‘ladi”, deydi Toshqulov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 20 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida magistraturaga hujjat topshirish jaryonini o‘zgartirish belgilangan.
Xususan, qarorga muvofiq, xorijiy tillarni o‘qitish sohasiga malakali kadrlarni jalb qilish va soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilsin. Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutish belgilangan.
LiveBarchasi