Vazir Inoyatovning shifokorlarni xalqning o‘zi boqib olishi haqidagi gaplari poraxo‘rlikka imtiyozmi? (video)
Jamiyat
−
06 fevral 2023
17449Bir necha kun oldin O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Farg‘ona viloyatida tibbiyot xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiyani bartaraf etish masalasini muhokama qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa vazir va shifokor o‘rtasidagi suhbat aks etgan videolar tarqalib, katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.
Unda vazir Inoyatov shifokordan maoshi qanchaligini so‘ragan va shifokorning “5,5 mln”, degan javobini eshitgach, unga “bemorni davolasangiz, o‘zi chin dildan pul beradi. Yetmaydimi?” deya yuzlangan.
“Shu bemorni agar mehr bilan davolasangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga barakasini berib ketadi. So‘ramasangiz ham o‘zi xursand bo‘lib, berib ketadi. To‘g‘rimi? Vazir sifatida aytish qanchalik to‘g‘ri [yoki yo‘q], lekin men ochiq-oydin aytayapman. Yetmaydimi? Mana savol. Yetmaydimi degan savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz kerak-da”, degan Amrillo Inoyatov.
Bundan tashqari, vazir o‘zi ham operatsiya qilishini qistirib o‘tgan va shifokor o‘zining brendini yaratsa, uni xalqning o‘zi boqib olishini aytgan.
“Gar qanoat birla yursang barqaror, dunyoda hech bo‘lmagaysan xori-zor. Odam sabrli bo‘lib, qanoat bilan o‘zini ustida ishlab, o‘zini brendini yaratsa, xalqning o‘zi shunday boqadiki… Eh-heee jonajon xalqimiz o‘zi oyog‘ingizni yerga tekkizmay olib yuradi”, degan Sog‘liqni saqlash vaziri.
Uning bu fikrlariga esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirib, shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish bu noqonuniy ekanini bildirgan.
“Bugun ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan shifokorlarning sharoitini yaxshilash korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilishi to‘g‘risidagi taklifga Sog‘liqni saqlash vazirining “Bemorga mehr bilan yondashsangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga berib ketadi” mazmunida bildirgan munosabati yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi quyidagilarni ma’lum qiladi.
... Jamoatchilik kengashi shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qat’i nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to‘lashning toifalangan mexanizmini joriy etish Sog‘liqni saqlash vazirligining asosiy maqsadi bo‘lishi lozimligini bildiradi.
Shuningdek, ushbu masala ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ma’lum qiladi”, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi munosabatida.
Qayd etilishicha, sharafli kasb egalari – shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning e’tirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakatdir.
“Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo‘shma bayonotida “Tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish” belgilangan”, deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.
LiveBarchasi