Vazir Baxtiyor Saidov Turkiyadagi o‘zbeklar yashaydigan mahallaga bordi
Jamiyat
−
18 fevral 2023 9874 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisi Baxtiyor Saidov bugun, 18 fevral kuni 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar yashaydigan Ovakent mahallasida bo‘ldi. Bu haqda uning o‘zi Telegram sahifasida ma’lum qildi.

“Mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash uchun dunyoning turli burchaklaridan bu yerga kelgan barcha vatandoshlarimizdan minnatdormiz. Mudofaa vazirligi ko‘chma gospitali 2000 ga yaqin jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatdi, FVV xodimlari esa vayronalar ostidan 30 dan ortiq odamni qutqarib oldi”, deya yozgan Saidov.


Avvalroq u turkiyalik hamkasbi, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu bilan ko‘rishib, unga hamdardlik bildirgan edi.
Shuningdek, joriy yilning 8 fevral kuni Baxtiyor Saidov Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan hamdardlik kitobiga o‘z qaydini qoldirgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezilgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 39 672 nafarni tashkil etmoqda. 108 mingdan ortiq jarohatlanganlar qayd etildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr