Vashingtondagi tartibsizliklar ortidan AQSH Sog‘liqni saqlash vaziri iste’foga chiqdi
Olam
−
16 yanvar 2021
2251AQSH Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish vaziri Aleks Azar iste’foga chiqdi. Bunga 6 yanvar kuni Vashingtonda bo‘lgan tartibsizliklar sabab qilib ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, Azar ushbu tartibsizliklarni AQSHning "demokratik tizimiga qarshi hujum"ga aylanganini ta’kidlagan.
6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning tarafdorlari AQSH Kongressi binosiga bostirib kirib, parlament so‘nggi saylovlar natijalarini tasdiqlashi kerak bo‘lgan majlisni to‘xtatgan. Hodisa natijasida besh kishi halok bo‘lgan.
Vashingtondagi tartibsizliklar ortidan Vakillar Palatasi Sud-huquq qo‘mitasi rahbari Jerri Nadler Trampga soddalashtirilgan tartibda impichment e’lon qilishni taklif qilgan.
AQSH Senati saylangan Prezident Jo Baydenning 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan inauguratsiyasidan bir soat o‘tgach, Trampga qarshi impichment ayblovlarini ko‘rib chiqishni boshlashi mumkin.
Tramp vakillar palatasi ikki marta impichment e’lon qilgan AQSH tarixidagi birinchi Prezident bo‘ldi. Amaldagi Prezidentga 2019 yil dekabrida birinchi marta impichment e’lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq Senat Trampni oqlagandi.