Vashingtondagi aviahalokatda halok bo‘lgan 20 ga yaqin kishi daryodan olib chiqildi
Olam
−
30 yanvar
4708AQSHning Vashington shahridagi Ronald Reygan aeroportida American Airlines aviakompaniyasi samolyoti harbiy vertolyot bilan to‘qnashib ketishi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadi daryodan olib chiqilmoqda. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Samolyot bortida 60 yo‘lovchi va to‘rt ekipaj a’zosi, vertolyotda uch harbiy xizmatchi bo‘lgan. Ikkala tomon ham Potomak daryosiga tushib ketgandi. Voqea joyida ishlayotgan politsiya xodimining so‘zlariga ko‘ra, 18 nafar halok bo‘lganlarning jasadi suvdan chiqarib olingan. Topilganlardan hech biri tirik holatda bo‘lmagan. Ayrim manbalar qurbonlar soni 19 kishi ekanini yozmoqda. Aviahalokat ishtirokchilari sonining ko‘pligini inobatga olsak, tabiiyki bu son ko‘payishi mumkin.
AQSH Prezidenti Donald Tramp aviahalokatga munosabat bildirdi va harbiy vertolyot ekipaji va dispetcherlarni tanqid qildi.
“Samolyot aeroportga odatiy yo‘nalishda qo‘nishga kirayotgan edi. Vertolyot uzoq vaqt to‘g‘ri samolyot tomon uchib keldi. Tun tiniq, samolyotning chiroqlari yorqin yonib turibdi, lekin nega vertolyot yuqoriga ko‘tarilmadi yoki pastga tushmadi, yo bo‘lmasa burilmadi? Nega dispetcherlik minorasi vertolyotdan samolyotni ko‘rish-ko‘rmasligini so‘rash o‘rniga nima qilish kerakligini aytmadi? Buni oldini olish mumkin edi, yomon vaziyat. Juda yomon!!!”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social sahifasida.
Aviahalokatdan so‘ng aeroport mahalliy vaqt bilan soat 11:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 21:00) yopildi. Hududda qutqaruv, sog‘liqni saqlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar ish olib bormoqda.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Potomak daryosidagi suv harorati hozirda Selsiy bo‘yicha taxminan 1,6 darajani tashkil qilmoqda. Bunday sovuq suvda bo‘lish uch daqiqa ichida oyoq-qo‘llarning harakatchanligini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda suvdagi odamning omon qolish imkoniyati 30 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH poytaxti Vashington shahrida Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib, Potomak daryosiga qulab tushgani xabar qilingandi. AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga ko‘ra, Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti Kanzas shtatidagi Uichito shahridan Vashingtonga muntazam reysni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Kuzatuv kamerasidan olingan videoda past parvoz qilayotgan samolyotning Ronald Reygan nomidagi aeroportga qo‘nishga urinayotgani, boshqa havo kemasi bilan to‘qnashuvi va shundan so‘ng portlash yuz bergani aks etgan. Ikkinchi havo kemasi harbiy Sikorsky H-60 vertolyoti bo‘lgan. “Reuters” vertolyot bortida uch nafar harbiy bo‘lganini xabar qilmoqda. Ularning taqdiri haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
LiveBarchasi