Vashingtondagi aviahalokat qurbonlaridan 40 nafarining jasadi topildi

Olam

image

Amerikalik qutqaruvchilar Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida American Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot va harbiy Black Hawk vertolyoti to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lgan 40 kishining jasadini topdi. Bu haqda huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib, CBS telekanali xabar berdi.

Telekanal manbasiga ko‘ra, ba’zi jasadlar Potomak daryosi qirg‘oqlariga chiqib qolgan, boshqalari esa suv ostidan topilgan. Qutqaruvchilar hozirgacha xavfsiz olib chiqish mumkin bo‘lgan barcha qurbonlarning jasadlari topilgan, deb hisoblamoqda.

Biroq telekanal manbasining ma’lum qilishicha, ba’zi qurbonlarning jasadlari samolyotning daryoga cho‘kib ketgan dum qismida bo‘lishi mumkin, ammo u joyga qutqaruvchilarning yetib borish hali imkonsiz.

Eslatib o‘tamiz, American Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot joriy yil 29 yanvar kuni Kanzas shtatining Uichito shahridan Vashingtonga uchayotganda harbiy Black Hawk vertolyoti bilan to‘qnashgandi. Samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi, jumladan, murabbiylar va AQSH chempionatidan qaytayotgan figurali uchish sporti atletlari, shuningdek, to‘rt kishidan iborat ekipaj bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida 1994 yilgi figurali uchish bo‘yicha jahon chempionlari Vadim Naumov va Yevgeniya Shishkova, shuningdek, SSSR chempionatining bronza sovrindori Inna Volyanskaya ham bo‘lgan.

Harbiy vertolyot uch nafar harbiy xizmatchi bilan mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan. AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida samolyot va vertolyot bortidagi barcha odam hayotdan ko‘z yumgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuz bergan fojiali aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Prezident Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh aviahalokat Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing