Vashingtonda isroilliklarni otib tashlagan shaxs o‘limga hukm qilinishi mumkin
Olam
−
23 may
3856Vashingtondagi Isroil elchixonasining ikki xodimini otib o‘ldirgan shaxsga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin. Bu haqda Vashingtondagi federal prokuratura rahbari vazifasini bajaruvchi Janin Pirro ma’lum qildi.
Pirroning aytishicha, ish “nafrat jinoyati va terrorizm” sifatida tekshirilmoqda.
Kecha, 22 may kuni Vashingtondagi federal sudda gumonlanuvchiga qarshi ayblovlar qo‘yildi. Ayblovlar ro‘yxatiga ikkita birinchi darajali qotillik, xorijiy amaldorlarni o‘ldirish, o‘qotar qurol bilan o‘ldirish va zo‘ravonlik jinoyatida o‘qotar quroldan foydalanish kiradi.
AQSH bosh prokurori Pam Bondi gumonlanuvchi yolg‘iz harakat qilgan dastlabki versiyani aytdi.
Isroil elchixonasining ikki xodimi Yaron Lishchinski va Sara Milgrim 21 may kuni kechqurun Vashington markazidagi yahudiy muzeyi oldida otib ketildi. Lishchinskiy va Milgrim er-xotin edi. Hujumchi, 30 yoshli Chikagoda yashovchi Elias Rodriges otishma oldidan “Falastinga ozodlik” shiorini hayqirgan.
Huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ofitserlar voqea joyiga yetib kelganida, Rodriges ularga:
“Men buni Falastin uchun qildim, G‘azo uchun qildim, qurolsizman”, degan.
Rodriges hozirda 18 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan dastlabki sud majlisigacha hibsda saqlanmoqda.
LiveBarchasi