Vaksina kimlarga qilinadi? SEOA mas’ulidan eng muhim savollarga javoblar
Intervyu
−
08 Sentabr 2020
20964Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu qarorda mamlakatdagi umumta’lim maktablari direktorlari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlari joriy yilning 1 oktyabriga qadar grippga qarshi emlanishi nazarda tutilgan edi.
QALAMPIR.UZ mazkur qaror asosida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov bilan suhbatlashdi.
Axrorbek Hayrullayev, muxbir: – Botir Jo‘raboyevich, Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida kimlar gripp virusiga qarshi emlanadi?
Botirjon Qurbonov, SEOA direktorining birinchi o‘rinbosari: — Prezident qarori asosida barcha maktab xodimlari va maktabgacha ta’lim vazirligi xodimlari gripp kasalligiga qarshi emlanishi ko‘zda tutilgan. Har yili kuz-qish mavsumi oldidan Sanitariya va epidimiologik osoyishtalik agentligi tomonidan fuqarolar gripp va o‘tkir respirator kasalliklarga qarshi emlanishi to‘g‘risida tushintirish ishlari olib boriladi. Ular o‘z hisoblaridan ushbu kasalliklarga qarshi emlanishi nazarda tutilgan. Istisno tariqasida, surunkali kasalligi bor, 60 yoshdan oshgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va qariyalar uyida yashovchilar bepul tarzda emlanadi. Bu kasallikka qarshi emlashda fuqarolar o‘zlarining sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagan holda yondashishi kerak bo‘ladi.
A.H.: — Gripp virusiga qarshi vaksina bilan emlanganda organizmda qandaydir reaksiyalar kuzatilishi mumkinmi?
B.Q.: — Albatta, har bir vaksina organizm uchun yot jism hisoblanadi. Organizm unga qarshi immunitetining rivojlanish jarayonida ma’lum darajada reaksiyalar bo‘ladi. Odamga biror vaksina yuborilgandan so‘ng, unda umumiy holsizlik va 37 C ° gacha bo‘lgan istma kuzatiladi. Lekin, odam tanasida gripp kasalligini klinik belgilari bilan kechuvchi belgilar namoyon bo‘lmaydi. Yengil belgilar bilan kechishi esa ushbu kasallikka qarshi immunitetning shakllanayotganidan darak beradi.
A.H.: — Vaksina emlangandan keyin klinik belgilar necha kungacha davom etishi mumkin?
B.Q.: — Albatta, har bir vaksinaning o‘ziga hos belgilari bor. Har qanday vaksina bilan emlangandan keyin, organizmda o‘rtacha immunitet shakllanishi 28 kungacha davom etadi. Ushbu vaksina bilan emlangandan so‘ng odam organizmiga qarab 2-3 kunda namoyon bo‘ladi. Lekin bu jarayon hozircha 1 oygacha kuzatilgani yo‘q.
A.H.: — Joriy yilning 1 oktyabr sanasiga qadar qancha fuqaro gripp virusiga qarshi emlanadi?
B.Q.: — Ushbu vaksina bilan 1 million 200 mingdan ortiq fuqarolar emlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, aholi o‘zining hohishi bilan emlanishi ham mumkin. Gripp virusiga qarshi vaksina bilan 3 oylik chaqaloqlardan tortib, qariyalargacha emlanishiga ruxsat burilgan. Ushbu vaksina bilan emlanganlarda 1 yil davomida gripp kasalligiga chalinmaslik holati kuzatiladi. Barcha vaksina olish itagidagi fuqarolar xususiy emlash markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
A.H.: — 1-sinfdan to 9-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar gripp virusiga qarshi emlanadimi?
B.Q.: — Gripp virusiga qarshi emlash jarayonida o‘quvchilar ishtirok etmaydi. Faqatgina xohlovchi ota-onalar xususiy emlash markazlariga olib borgan holda emlatishlari mumkin.
A.H.: — Ommaviy emlashdan avval vaksina oluvchilar qandaydir tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarurmi?
B.Q.: — Albatta, har qanday vaksinani olishdan avval, emlanuvchilar birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari zarur. Birlamchi tibbiy ko‘rikda bemorning gripp kasalligining birlamchi klinik belgilari bor yoki yo‘qligiga qarab sog‘lom shaxslargina emlanishi mumkin. Agarda emlash oluvchida yuqori istma, burundan suv oqishi, umumiy holsizlik, tananing uvishish holatlari kuzatilsa, bu vaksina bilan emlash befoyda bo‘ladi.
A.H.: — Koronavirusdan sog‘aygan bemorlar ham ushbu vaksina orqali emlanishi mumkinmi?
B.Q.: — Albatta! Gripp virusiga qarshi vaksina bilan emlash organizmda virusga qarshi immun tizimining kuchayishiga olib keladi. Ularga gripp kasalligi yuqqan taqdirda ham yengil kechishi mumkin.
A.H.: — Gripp virusiga qarshi vaksina kimlarga tavfsiya etilmaydi?
B.Q.: — Gripp kasalligiga chalingan bemorlarga ushbu vaksina buyurilmaydi. Sababi, virus bilan kurashayotgan paytda ushbu vaksina organizm uchun yot bo‘ladi. Gripp kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning o‘zida qo‘shimcha immunitet paydo bo‘ladi.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi