Va’daga vafo qilinmadi. Qozog‘istonda 200 dan ortiq kishi qo‘lga olindi
Olam
−
05 yanvar 2022
30396Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
“Jamiyat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan jamoat tartibini buzish holatlariga chek qo‘yish va huquqbuzarlarni qo‘lga olish bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qonunga xilof harakatlar natijasida ichki ishlar organlarining 95 nafar xodimi tan jarohati oldi. 37 ta xizmat avtomashinasiga zarar yetkazildi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, davlat organlari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik, bezorilik, davlat binolariga hujum qilishga doir 13 ta holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
“Jamoat tartibini buzgan 200 dan ortiq shaxs qo‘lga olindi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, Olma-ota, Chimkent va Taraz shaharlarida noqonuniy harakatlar ishtirokchilari tomonidan mahalliy ma’muriyatlarga hujum uyushtirishga urinishlari haqida ma’lum qilgan.
Avvalroq, Hukumat iste’fosini qabul qilgan mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga aybdorlarni ham ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari bugun, 5 yanvar kuni “mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat” mavzusida ishchi uchrashuv o‘tkazadi.
LiveBarchasi