“Va’da berdingiz, bajaring”. Lukashenko Putindan harbiy unvon so‘radi
Olam
−
09 fevral 2022
20004Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoga polkovnik unvonini berishni va’da qilgan, biroq haligacha va’dasi amalga oshmagan. Bu haqda Lukashenko teleboshlovchi Vladimir Solovyovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Solovyov uning harbiy unvoni va pogoniga qiziqqan. Lukashenko pogonida gerb o‘rnatilganini, o‘zi esa podpolkovnik unvonida ekanini aytgan.
“Men o‘zim uchun generalissimus yoki general yulduzini osib qo‘ya olmayman. Putin polkovnik, u menga polkovnik unvonini berishga va’da bergan. Haligacha bermadi”, degan Lukashenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, gap Rossiya armiyasining polkovnik unvoni haqida ketmoqda. Lukashenko bunda qarama-qarshilik ko‘rmasligini, bunday unvon berish Moskvaning emas, o‘zining muammosi bo‘lishini ta’kidlagan.
“Bu mening muammom. Va’da berdingiz, bajaring”, degan Lukashenko.
Solovyovning Lukashenko Rossiya armiyasida emas, balki Sovet Ittifoqida xizmat qilgani haqidagi gapiga javoban u Belarus SSSR tarkibiga kirganiga ishora qilgan.
“Menga Sovet armiyasida polkovnik unvonini bering”, degan Lukashenko.
Shuningdek, u bunga javoban Putinga Belarus Qurolli Kuchlari generali unvoni berilishiga ishontirgan.
LiveBarchasi