“Maqsadimiz – respublikani to‘liq energiya bilan ta’minlash”. Narzullo Oblomurodov saylovoldi dasturini e’lon qildi

Jamiyat

image

Ekologik partiyaning O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida energiya taqchilligiga barham berish, buning uchun esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish kerakligini taklif qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasining III S’ezdida prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov ma’lum qildi.

Oblomurodov yig‘ilganlarni partiyaning saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, mamlakat sanoatida energiya sarfi yuqori ekanini, ularning talabini to‘laqonli qondirish uchun “yashil tarif”larni joriy etish lozimligini ta’kidladi.

“Biz energiya samaradorligi masalasida hali juda ko‘p ishlashimiz kerak. Ko‘p tarmoqlarimizda energiya sarfi judayam yuqori. Bizga eski texnologiyalar, eskicha yondashuv judayam pand beryapti. Bizning “yashil iqtisodiyot” bilan bog‘liq masalalarimiz energiya tejamkorligiga erishishimizni talab qiladi. “Yashil tarif”larni joriy etish va yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalarining ulushini mamlakat umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz”, deydi nomzod.

Oblomurodov nutqi davomida energetika sohasidagi muammolar xalqning e’tiroziga sabab bo‘layotgani, partiyaning maqsadi hech qanday uzilishlarsiz energiya ta’minotiga erishish ekanini ham ma’lum qildi.

“Energetika sohasidagi muammolar xalqimizning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, kuz-qish muvsumida hududlarda juda katta muammolar yuzaga kelyapti. Bu bugungi kunda xalqimiz talab qilayotgan eng kerakli va hal qilinishi zarur bo‘lgan masaladir. Bizning partiya respublikamizni to‘liq energiya bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Shuningdek, hech qanday uzilishsiz kafolatlangan energiya ta’minoti tarafdorimiz. Aynan qayta tiklanuvchi muqobil energiyani qo‘llab-quvvatlash, uning rivojlanishi uchun keng imkoniyat ochib berish mamlakatimizda energiya ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Shuningdek, ekologik xavfsiz texnologiyalar yordamida xalqimizni, mamlakatimizni va iqtisodiyot tarmoqlarini energiyaga bo‘lgan talabini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, deydi Narzullo Oblomurodov.

Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida asosiy e’tibor bir qator ekologik muammolarni bartaraf etish, aholining ekologik madaniyatini rivojlantirish kabi masalalarga qaratilgan:

•    “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

•    aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralarini ko‘rish;

•    chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish;

•    iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish;

•    atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;

•    jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini kuchaytirish;

•    global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor, Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasining III S’ezdi bo‘lib o‘tgani va unda Narzullo Oblomurodov partiyaning Prezident saylovidagi nomzodi etib rasman tasdiqlangani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing