“O‘zsuvta’minot” raisining oyog‘i yerdan uzilib, Senatni mensimaydigan bo‘lib qolganmi?

Jamiyat

Uxlayotgan senatorlar yoxud uxlab chiqarilayotgan qonunlar – 2 (videoreportaj) north_east

Uxlayotgan senatorlar yoxud uxlab chiqarilayotgan qonunlar – 2 (videoreportaj)

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni bilmaydimi yo mensimaydi? Nega u senatorlarning so‘rovlaridan qochib, mas’uliyatni bo‘yniga olmay, senatorlarga o‘rinbosarlarini ro‘baro qilyapti? Ushbu masala shu hafta bo‘lib o‘tgan Senatning 29-yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov tomonidan ko‘tarildi. 

Senatning 29-yalpi majlisidan tayyorlangan ushbu lavni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin

O‘tgan oy Senat raisi boshchiligida barcha senatorlar hududlarga chiqib, aholi muammolariga quloq tutdi. Tanzila Norboyevaning o‘zi ham Toshkent shahri va Toshkent viloyatida bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashdi. Rais galdagi yalpi majlisda uchrashuvlar bo‘yicha senatorlar hisobotini tingladi. 

Senator Qutbiddin Burhonovning qayd etishicha, poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan Toshkent viloyatidagi uchta mahallada 17 yildan buyon ichimlik suvi yo‘q. Odamlar bir choynak choy qaynatish uchun ham suvni uzoqdan olib keladi. Shumi Yangi O‘zbekiston? 

“2020 yilda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida uchta – Turkiston, Beshboy va Changtepa mahallasida aholi bilan uchrashgan vaqtimda, bu yerdagi mingdan ortiq aholi 2005 yilga qadar ichimlik suvi bilan ta’minlangani, lekin oxirgi 17 yildan buyon ichimlik suvi yo‘qligi, shu bois qariyalar, yoshlar, ayniqsa, chaqalog‘i bor oilalar uzoq joydan suv olib kelishga qiynalayotgani tufayli, bu masalada yordam berishimizni so‘rab, murojaat qildilar”, deydi Burhonov.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 24 may kuni imzolangan “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni esladi. Ammo qaror ijrosi o‘lda-jo‘lda qolmoqda. 

Senator Qutbiddin Burhonov “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Sohib Saifnazarovga ikki marta senatorlik so‘rovi yuborgani va ikki safar ham Saifnazarovning o‘zidan emas, balki o‘rinbosarlaridan javob olgani, kamiga javoblar ham yildan yilga farq qilayotganini urg‘uladi. 

“Aholining murojaatini hisobga olgan holda, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov nomiga senatorlik so‘rovi yubordim. So‘rovga uning birinchi o‘rinbosari Xaydarovning imzosi bilan javob oldim. Qo‘limda 2021 yil 7 may kuni yo‘llangan javob turibdi. Shu holatni tasdiqlaganlari holda “ushbu loyihadagi ichimlik-oqova suv tarmoqlarini yaxshilash uchun ajratiladigan qo‘shimcha 179 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan O‘rta Chirchiq tumani Turkiston, Beshboy va Changtepa mahallalarida 12,7 kilometr ichimlik-oqova suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari 2021 yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilishi rejalashtirildi”, deb javob xati berdilar. 

Biz shu xatni aholiga ko‘rsatib, ish boshlanganini aytganimizda, nihoyatda xursand bo‘lib, minnatdorlik bildirishdi. Xatga asosan Changtepa mahallasida o‘tgan yili 6 kilometr yerga yelim  quvurlar yotqizildi. Biroq, yotqizilgancha qolib ketdi, boshqa hech qanday ish qilinmadi, bugungi kunga qadar suvga ulanmadi. Qolgan ikki mahallada esa hech qanday ish qilinmadi. Shu munosabat bilan bu yil may oyida takroran [“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarovga] senator so‘rovi yubordim. Bu so‘rovga ham Sohib Saifnazarovning o‘zlari emas, yana boshqa o‘rinbosari imzo qo‘yib, bu joylar hech qanday rejaga kiritilmagani to‘g‘risida xabar berdi. Qo‘shimcha surishtiruvlar vaqtida aniqlandiki, kiritilgan rejadan ham 2022 yilda chiqarib tashlashibdi”, deydi Burhonov.

U so‘zida davom etarkan,  “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Sohib Saifnazarovni Oliy Majlis Senati to‘g‘risidagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni bilmasligi yoki bila turib uni mensimaslikda aybladi.

“Prezidentimizning aytayotgan gaplaridan kelib chiqib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qilishimiz kerak. Xalq shuni so‘rayapti. Ichimlik suvi muammo. Prezidentning oxirgi qarorlarida ham ko‘rsatildi. Men tushunmadim, Saifnazarov har ikki holatda ham o‘zlarini mas’uliyatdan olib qochib, o‘rinbosarlariga imzo qo‘ydirib, Oliy Majlis Senati to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni bilmaydilarmi yoki mensimaydilarmi? Agar qatnashayotgan bo‘lsalar, Saifnazarovdan o‘zlari fikr bildirishlarini iltimos qilgan bo‘lardim”, deydi Burhonov.

Bu orada Senat raisi Tanzila Norboyeva ham Saifnazarovni qidirib qoldi. Yo‘q! Janobi oliylari bu safar ham o‘rinlariga o‘rinbosarlarini yuboribdi.

“Haqiqatan shu uchta mahalla bo‘yicha biz javob berganmiz. Ish boshlangan mahallalarda mablag‘ yetishmaganligi uchun to‘xtatilgan. Bu yil qo‘shimcha mablag‘ ajratib berilgan. Mablag‘ni olishimiz bilan ishni davom ettirib, shu uchta mahallaga uzluksiz suv ta’minlab berishni rejalashtirganmiz. Lekin ikkinchi xatda rejaga kiritilmagani haqidagi javobni biz o‘rganib chiqib, alohida ma’lumot kiritamiz”, deydi Senat anchadan buyon qidirayotgan Saifnazarovning birinchi o‘rinbosari Toxir Xaydarov.  

Ahamiyatlisi shundaki, Senat va senatorlarning so‘rovlariga bepisandlik qiladiganlarni xushlamaydigan, achchiq tanqidlari bilan uncha-buncha rahbarni yerdan uzilgan oyog‘ini joyiga qaytarib qo‘yadigan Tanzila Norboyeva ham bunga chuqur munosabat bildirmadi.

Shuningdek, yig‘ilishda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ham so‘z olib, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi “Birlik” va “Yorqin” mahallalari fuqarolari ham 15 yildan buyon ichimlik suvi yo‘qligidan aziyat chekayotgani, ushbu mahallada 17 mingdan ziyod aholi istiqomat qilishini qo‘shimcha qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

220

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing