Uxlayotgan senatorlar yoxud uxlab chiqarilayotgan qonunlar – 2 (videoreportaj)

Jamiyat

Anchadan beri ko‘rishmayotgan, bafurja suhbatlasholmayotgan xonimlar va janoblar Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi bahona uchrashib, diydorlashishdi. Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovni iliq qarshiladi. Eshik ortida esa rais Tanzila Norboyeva birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan nimalarnidir muhokama qilyapti. 

Videolavhani yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin

Qodirxonovaning qo‘mitasi esa bugun “Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokamaga olib chiqadi. 

Sog‘liqni saqlash vaziri Senat majlisida nima qilyapti? Tinchlikmi? Ha mayli, birozdan keyin bilib olarmiz. 

Tanzila opaning yordamchisi ham ko‘rinish berdi. Birozdan keyin opa ham kelib qolsa kerak. Ana, kelishyapti. 

Bugun ko‘riladigan masalar talaygina. Pul jigardan bo‘lgan, deydi xalqimiz. Senatning 29-yalpi majlisi ham “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rishdan boshlandi. 

Xo‘sh, O‘zbekistonning bugungi qarzi qancha? Moliya vaziri Odilbek Isoqovning aytganlarini eshitib, kapalagingiz uchmasin. 

Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi kerak.

Qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. 

Rais Norboyeva va o‘rinbosar Safoyev shunchaki suhbatlashishyapti, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Ular dunyoning u boshidan kirib, bu boshidan chiqishyapti. Buyoqda esa opaning yordamchisi qachon suvni olib borishini bilmay, payt poylayapti. Kelavering, tortinmang. 

Senatorlar Uy-joy kodeksi, “Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 prim 1 -moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi, “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi – jami 4 ta qonunni rad etdi. Jurnalistlar hayratda. Chunki bunaqasi yaqin orada bo‘lmagan. Bitta majlisda 4 ta qonun rad etilsa-ya. 

Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha qonunni rad etarkan, asli kelib chiqishi vrach bo‘lgan senator Dilorom Toshmuhamedova O‘zbekistonda doimiy ravishda yashirib kelingan ma’lumotni aytib yubordi. Unga ko‘ra, “2021 yilda 910 mingdan ortiq bola tug‘ilgan bo‘lsa, shundan 170 ming nafari asoratli tug‘uruq bilan dunyoga kelgan. Bu deyarli 20 foiz. Demak, har beshinchi bola asoratli tug‘ilyapti. Bu raqamlarga alohida e’tibor qaratish kerak”.

Bu gapdan keyin Toshmuhamedovaga gap tegmagan bo‘lsin-da. 

Telekanallar kimdan intervyu olsam ekan, deb shoshib qoldi. Malika Qodirxonova ularning joniga ora kirdi. Bu orada esa ko‘pchilikning tik turganidan foydalanib zaldan qochganlar ham topildi. 

Iya, xurrak ovozimi? Uxlayotgan kim bo‘ldi? Ey, mayli, qo‘ying, uxlayverishsin, Senatdagi majlislar odamni uyqu tortsa, ayb ulardami? Tortinmang, siz birinchi ham, oxirgi ham emassiz. 

Bugun kunning yulduzi Akmal Burhonov bo‘lsa kerak. U mamlakatdagi eng korrupsion sohalarni aytadi, ma’ruzasi ham uzu-u-un bo‘lganov. Nima bo‘lsa ham sekinroq gapirsin, pinakka ketganlarni cho‘chitib yubormasin. 

Sog‘liqni saqlash vazirligida 56 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi moliyaviy xato kamchiliklar aniqlanganini eshitib, Musayevning fig‘oni falakka chiqdi. U Burhonovdan kelishib ishlashni so‘radi. 

Opa ham o‘zini tutib turolmadi.

Senatning 29- yalpi majlisi 5 avgust kuni ham o‘z ishini davom ettirdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov o‘tgan oyning shu kunlarida norozilik namoyishlari avjiga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan turib, onlayn ishtirok etdi va Senatga axborot berdi. 

Bundan tashqari, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan "Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi"ning 2022 yil birinchi yarim yilligi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Bosh vazirning Moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning axboroti tinglandi. 

Qo‘chqorovga nisbatan savollar juda ko‘p bo‘ldi. Hatto, uning o‘zi ham savollardan tik oyoqda turib, toliqib, zerikib ham ketgani sezildi. 

Senat yalpi majlisi ikkinchi kuni birinchi kunga nisbatan o‘ta zerikarli o‘tgan holda tugadi.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ'da 2019 yilning 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisidan ham "Uxlayotgan senatorlar yoxud uxlab chiqarilayotgan qonunlar" nomli fotoreportaj berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

208

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing