Uzoq vaqt ishlash insult va yurak-qon tomirlari kasalligi xavfini oshiradi — JSST 

Salomatlik

image

2016 yilda davomli ish kuni 745 ming kishining insult va yurak-qon tomirlari kasalligidan vafot etishiga sabab bo‘ldi, bu 2000 yilga nisbatan 29 foizga ko‘pdir. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga asoslanib “Environment International” jurnali xabar bergan. 

JSST va XMTning global tahliliga ko‘ra, 2016 yilda haftasiga kamida 55 soat ishlagan 398 ming kishi insultdan va 347 ming kishi yurak xastaligidan vafot etgan. 2000 yildan 2016 yilgacha uzoq muddatli ish natijasida yurak xastaligidan vafot etish 42 foizga, insultdan vafot etish 19 foizga oshgan.

Ish bilan bog‘liq kasallikning bu yuki erkaklar (ularga o‘limning 72 foizi to‘g‘ri keladi), Tinch okeanining g‘arbiy qismi va Janubi-sharqiy Osiyo mintaqalari aholisi hamda o‘rta va katta yoshdagi ishchilar orasida ayniqsa yuqori.

O‘limlarning aksariyati 60-79 yosh oralig‘ida haftasiga 55 soatdan ko‘proq ishlaydigan 45 dan 74 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida qayd etilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, haftasiga 55 soat yoki undan ko‘proq vaqt davomida ishlash haftasiga 35-40 soat ishlash bilan taqqoslaganda, insult xavfini 35 foizga va yurak-qon tomirlari kasalligi xavfini 17 foizga oshirgan.

Bundan tashqari, ish vaqtidan tashqari holatda ham ishlaydiganlar soni tobora ko‘payib bormoqda va ular hozirgi kunda butun dunyo aholisining 9 foizini tashkil qilmoqda. Ushbu tendensiya bilan ko‘plab odamlar nogironlik va erta o‘lim xavfiga duch kelmoqda. 

“COVID-19 pandemiyasi ko‘plab odamlarning ishlash uslubini tubdan o‘zgartirdi. Masofadan ishlash ko‘plab sohalarda odatiy holga aylanib, ko‘p hollarda uy va ish o‘rtasidagi chiziqlarni buzmoqda. Hech qanday ish insult yoki yurak xuruji xavfiga arzimaydi. Hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar kuchlarni birlashtirib, odamlar sog‘lig‘ini himoya qilish uchun ba’zi cheklovlar to‘g‘risida kelishib olishlari shart”, degan JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus. 

“Haftasiga 55 soat yoki undan ko‘proq vaqt ishlash sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Biz — hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar uzoq vaqt ishlash erta o‘limga olib kelishi mumkinligini anglab yetishimizning vaqti keldi”, degan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Mariya Neyra.

Hukumatlar, ish beruvchilar va xodimlar inson salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirishi mumkin: 

•  Hukumatlar majburiy ortiqcha ish vaqtini taqiqlaydigan va maksimal ish vaqtini cheklaydigan qonun va qoidalarni qabul qilishi, amalga oshirishi va bajarishi mumkin; 

•  Ish beruvchilar va xodimlar uyushmalari o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama yoki jamoaviy bitimlar maksimal ish vaqtini belgilash orqali yanada moslashuvchan ish vaqtini ta’minlashi mumkin; 

•  xodimlar ish vaqtini haftasiga 55 soatdan oshmaydigan qilib taqsimlashlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

JSST ish soat

Baholaganlar

70

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing