O‘zil rasman “Fenerbaxche” futbolchisiga aylandi. U Erdo‘g‘anga qo‘shni bo‘ladi

Sport

image

Germaniyalik yarim himoyachisi Mesut O‘zil rasman Angliyaning “Arsenal” futbol klubidan Turkiyaning “Fenerbaxche” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. O‘zilning Istanbul klubi bilan shartnomasi 3,5 yilga tuzilgan, deya xabar beradi “Fenerbaxche” rasmiy sayti.

Avvalroq “Arsenal” futbolchining dastlabki olti oylik maoshini to‘lashda davom etishi, keyinchalik O‘zil “Fenerbaxche”da yiliga 5 million yevro ishlab topishi haqida xabar berilgandi. “Arsenal” rasmiy saytida Mesut bilan xayrlashdi va Londonliklar formasida o‘tkazgan vaqti uchun minnatdorlik bildirdi. 16 yanvar kuni klub va futbolchi o‘zaro kelishuv asosida 2021 yil yozigacha davom etadigan shartnomani bekor qilgan.

Ma’lumot uchun, Mesut O‘zil “Arsenal” safida 254 uchrashuv o‘tkazib, 44 ta gol urgan va 77 golga uzatma bergan. Germaniyalik futbolchi 2020 yil martidan beri londonliklar safida o‘yin o‘tkazmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mesut O‘zilning “Fenerbaxche” jamoasiga o‘tishga rozi bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Mahalliy OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zil Istanbulda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘shni bo‘lyapti.

Mesut O‘zil Germaniya terma jamoasidagi faoliyatini 2018 yilning yozida Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidan so‘ng yakunlagan edi. Uning bu qarorga kelishiga mundialgacha O‘zilning Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashganini nemis muxlislari va Germaniya futbol ittifoqi rahbariyatining keskin tanqid qilgani sabab bo‘lgan edi.

Ma’lumot uchun, Mesut O‘zil joriy yilning 7 iyun kuni o‘z to‘yini Istanbul shahrida o‘tkazgan edi. To‘yda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an ishtirok etib, guvohlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing