Suddan yashiringan Denov tumani jinoyat sudi sobiq raisi qidiruvga berildi

3-sahifa

image

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining sobiq raisi Kamoliddin Murodovga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash va qidiruv e’lon qilish haqida ajrim chiqardi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblayotgan Kamoliddin Murodov ogohlantirilishiga qaramay navbatdagi sud majlisiga kelmagan. 13 dekabrda uni sudga majburiy keltirish bo‘yicha ajrim e’lon qilingan.

Murodov o‘zining doimiy yashash manzili bo‘lgan Samarqand viloyatining Samarqand shahri “O‘rikzor” MFYdagi uyida yo‘qligi aniqlangan. Mahalla raisi va xodimlari tomonidan 2024 yil 13 dekabr kuni tuzilgan dalolatnomada Kamoliddin Murodov davolanayotganligi sababli xonadonida yo‘qligi keltirilgan. Shu bilan birga, sudlanuvchi Murodov va uning himoyachi advokatlari tomonidan sud majlisini boshqa kunga qoldirish yoki sobiq sudyaning sog‘lig‘i yomonlashganini tasdiqlovchi hujjatlar sudga taqdim qilinmagan.

Sud, sudlanuvchi Murodov noma’lum tomonga ketib qolgani, ushbu jinoyat ishini uning ishtirokisiz ko‘rib, mazmunan hal qilish imkoniyati yo‘qligi sabab unga nisbatan qidiruv e’lon qilgan.

Murodov qidirib topilgandan so‘ng, unga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘llangan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, qamoqqa olish hamda uni Qarshi shahridagi 5-sonli tergov hibsxonasiga etap qilish belgilangan. Sudlanuvchi sobiq sudya qidirib topilgunga qadar unga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tumani sudining sobiq raisi Kamoliddin Murodov YTHga uchrab, og‘ir tan jarohatlari olgandi. Voqea dam olish kuni – joriy yilning 9 martida sodir bo‘lgan. Avtomobil boshqaruvida bo‘lgan sud raisining advokat tanishi esa vafot etgandi.

Ma’lumot uchun, Kamoliddin Murodov 2021 yilning aprel oyida 5 yil muddatga Denov tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisi lavozimiga tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Jinoyat Kamoliddin Murodov Denov tumani jinoyat sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing