O‘zi va bolalarini kanalga tashlamoqchi bo‘lgan ayol voqea tafsilotlarini gapirib berdi
Jamiyat
−
17 dekabr 2020
42907Avvalroq, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ona o‘zi va ikki nafar yosh bolasini kanalga tashlab, joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Bekobod tumani hokimining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Yoqutxon Mo‘minova ayolning uyida bo‘lib voqeani o‘rgangan.
Videodagi ayol A.R. va uning farzandlari Bekobod tumani "Turkman" MFYda doimiy yashab keladi. Bu holat 2020 yil 15 dekabr kuni sodir bo‘lgan.
“Dastlabki suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, ayol Sirdaryo viloyati, Shirin shahri obodonlashtirish boshqarmasida ishlovchi turmush o‘rtog‘i telefoniga javob bermagani uchun jahli chiqqani, rashk ustida nojo‘ya gaplarni gapirganini aytgan.
Onaning so‘zlariga qaraganda, u va bolalari Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Sirdaryo viloyati, Shirin shahri "Farhod" MFY ga o‘tadigan "Do‘stlik" kanalidan o‘tib bo‘lgach, Shirin shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatilib, videoga olingan.
Ayol alam ustida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlariga keskin gapirgani, ammo, hech qachon o‘z farzandlarini suvga tashlash niyati bo‘lmaganini, o‘g‘lining bosh kiyimi esa bexosdan suvga tushib ketganini aytmoqda”, degan Yoqutxon Mo‘minova.
Qayd etilishicha, mazkur oila shu paytgacha tinch-totuv yashab kelgan, oilada muqaddam notinchlik kuzatilmagan.
Ayni paytda holat viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.
Shuningdek, Vasiylik va homiylik organi vakillari kelib, bolalarning kelgusi taqdiri bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
LiveBarchasi