O‘zgidromet sel xavfidan ogohlantirdi
Jamiyat
−
21 iyul 2021
12088Joriy yilning 21-23 iyul kunlari O‘zbekistonning bir qator hududlarida sel kelishi xavfi bor. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar sababli respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgandi. Ushbu sel oqimlari ta’sirida qo‘shni O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatida ham tabiiy ofat yuzaga kelgan. Viloyatning Kosonsoy tumanidan sel kelishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning o‘zida ham kamida 8 kishi ushbu tabiiy ofatdan vafot etdi. Shuningdek, Tojikistonda ham kamida 10 kishi sel kelishi oqibatida halok bo‘lgan.
Qayd etish kerakki, sel mavsumi davom etmoqda. Kecha, 20 iyul kuni Qashqadaryoda kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi natijasida sel oqimlari vujudga kelgan. Bu esa mahalliy transport qatnov yo‘llariga zarar yetkazgan va ular vaqtinchalik yopilgan. Shuningdek, Namanganda sel ko‘prikka zarar yetkazdi. Kuchli yog‘ingarchilik va uning natijasida sel hamda suv toshqinlarining vujudga kelishi, nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyoda, jumladan Yevropaning bir qator davlatlari va Xitoyda ham kuzatilmoqda.
LiveBarchasi