Uzcard banklararo to‘lov tizimining faoliyati to‘xtatilishi borasidagi ma’lumotlar asossiz bo‘lib chiqdi
Jamiyat
−
13 aprel 2019
5344Yagona Umumurespublika Protsessing Markazi (YAUPM) Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilariga bank xizmatlarini ko‘rsatishdan bosh tortilgani hamda bir qator bank xodimlari tomonidan Humo to‘lov tizimining qiziqishlari targ‘ib etilgan holatlar qayd etilganini ma’lum qilmoqda.
Humo banklararo Milliy protsessing markazi (BMPS) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xuzurida tashkil etilib, hozirda mamlakat bo‘ylab terminal tarmoqni joriy etish ishlari olib borilmoqda. BMPS tizimini joriy etish ishlari davomida bank xodimlari tomonidan Humo BMPS faoliyati bilan bog‘liq ravishda Uzcard banklararo to‘lov tizimining faoliyati to‘xtatilishi borasida asossiz ma’lumotlar tarqatilishi kuzatildi.
YAUPM ma’lum qilishicha, Uzcard banklararo to‘lov tizimi 17 millondan ortiq plastik kartalarga xizmat ko‘rsatmoqda hamda faol ishlamoqda. YAUPM huquqiy norma, normativ hujjat, dasturiy-texnik ishlanmalarga asoslangan holda tashkiliy-texnik infrastrukturaga muvofiq provayderlik vazifasini bajaradi. YAUPM hamda banklar o‘rtasidagi shartnomaga asosan, hamkorlar tomonidan tarqatilayotgan asossiz ma’lumotlar egasi javobgarlikka tortiladi.
Bugungi kunga kelib, Uzcard banklararo to‘lov tizim ishtirokchilari tomonidan YAUPM hamda bank o‘ratasidagi shartnomani bekor qilish so‘rovlari qayd etilmagan.
Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari, jumladan, savdo-xizmat tashkilot vakillaridan quyida keltirilgan holatlarda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi va huquq tartibot organlariga murojaat etishlarini so‘raladi:
• tijoriy banklar tomonidan Uzcard hisob terminallari majburiy tarzda qaytarib olinishi;
• tijoriy banklar va savdo-xizmat tashkilotlari tomonidan Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish;
• bank xodimlari tomonidan amaldagi Uzcard plastik kartalarni Humo to‘lov tizimi kartalariga almashtirishga qaratilgan targ‘ibot;
• Uzcard plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish, jumladan, kartalardan naqd pulni yechib olishdan bosh tortish;
• Uzcard banklararo to‘lov tizimi foydalanuvchilari orasida asossiz jamoatchilik fikrini va kompaniyaga tegishli salbiy imidjni shakllantirishga tegishli noqonuniy hatti-harakatlar kuzatilishi.
Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan 29 ta bankga 15 yil davomida protsessing xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Uzcard karta egasi 285 mingdan ortiq POS-terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniga ega. Mamlakat bo‘ylab 1500 dan ortiq bankomat va 3000 dan ortiq infrokiosk, mobil ilova va internet saytlar orqali xizmat turlari amalga oshirib kelinmoqda.
Kompaniya tomonidan UnionPayInternational va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari ekvayringi tashkil etildi. Shuningdek, Uzcard va Rossiya Federatsiyasining “Mir” to‘lov tizimi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Kelishuvga asosan, “Mir” to‘lov tizmiga tegishli plastik kartalar Uzcard to‘lov tizimi infrastrukturasida qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, ushbu jarayon 2019 yil yakunigacha amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, shu kunlarda YAUPM hamda Visa xalqaro to‘lov tizimi ishtirokida “Uzcard terminal tarmog‘ida Visa kartalarining ekvayringini tashkil etish” loyihasi muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Unga ko‘ra, “Kapitalbank” ning POS va ATM terminallari Visa xalqaro kartalariga xizmat ko‘rsatishga tayyorlandi.
Karta egalariga tegishli ma’lumotlar mahfiyliigini saqlash maqsadida YAUPM tomonidan har yili PCI DSS va PIN SecurityRequirements 2.0.sertifikatlari yangilanadi. Jumladan, Visa PIN Security havfsizlik standarti muvofiqligi bo‘yicha 33 ta majburiy talablar bajarildi.
Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi kompaniyani rivojlantirish va davr talablariga hamnafas innovatsion yechimlarni tadbiq etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sektorida IT sohasini rivojlantirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida, tijoriy banklar, mobil to‘lov tizimlari operatorlari hamda boshqa naqd pulsiz hisob-kitoblar bozorining qatnashchilari hamkorligida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.