O‘zbekistonning yangi elchisi Hindiston Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi (video)
Jamiyat
−
27 mart
5406Avvalroq, 45 yoshli Sardor Rustamboyev O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik. Bugun, 27 mart kuni diplomat Dehlidagi "Rashtrapati Bhavan" saroyida Hindiston Prezidenti Draupadi Murmuga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
“Hindiston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga yuksak hurmat va samimiy tilaklarini izhor etdi, mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi”, deyiladi xabarda.
Oliy va yuqori darajalardagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar ikki davlatning ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashdagi kuchli siyosiy irodasi va qat’iyatini tasdiqlayotgani, strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini taqdim etayotgani ta’kidlangan.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni faollashtirish uchun ulkan salohiyat va o‘zaro intilish mavjudligi qayd etilgan.
Ikki tomonlama hamkorlikning zamonaviy holati yuqori baholanib, barcha sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalar yanada rivojlanishiga ishonch bildirilgan. Hindiston Prezidenti O‘zbekiston elchisiga o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomidin Gadoyev 20 mart kuni elchi Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
LiveBarchasi