O‘zbekistonning tashqi qarzi 27 mlrd dollardan oshdi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2020
5579O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarzining umumiy hajmi 2020 yil boshidan 12,7 foizga yoki 3,1 mlrd. dollarga oshgan holda, 2020 yil 1 iyul holatiga 27,6 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Umumiy tashqi qarz rezidentlarning norezidentlar oldidagi asosiy qarz va foizlarni to‘lash talab qilinadigan majburiyatlarini aks ettiradi. Umumiy tashqi qarz davlat va xususiy sektor qarzlaridan iborat. Umumiy tashqi qarzdagi o‘zgarishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2013-2017 yillar davomida har ikkala sektorda ham qarzdorlikning o‘sishi kuzatilgan.
Biroq, 2018 yilda xususiy sektor tashqi qarzi kamayishi kuzatildi, bu esa o‘z navbatida neft-gaz va energetika sektori korxonalari tomonidan jalb qilingan qarzdorlik muddatining tugashi bilan izohlanadi. 2019 yildan boshlab xususiy sektor tashqi qarzi asosan tijorat banklari tomonidan qarz olishning ko‘payishi hisobiga yana o‘sishni boshladi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, 2020 yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi. Ushbu jarayon COVID-19 virusining tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin.
2020 yilning I yarim yilligida davlat sektori qarzdorligining o‘sishi 1,7 mlrd. dollarni tashkil qildi. Global pandemiya va iqtisodiy faollikning pasayishi sababli O‘zbekistonning suveren obligatsiyalari qiymati fond bozorlarida birja kotirovkalarining pasayishi natijasida 2020 yilning boshiga nisbatan kamaydi.
Banklar va iqtisodiyotning boshqa sektor korxonalari tomonidan qarz olish hajmining oshishi natijasida xususiy sektor qarzdorligi 1,4 mlrd. dollarga oshdi.
2020 yilning I yarim yilligida xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 2,1 mlrd. dollar qarzdorlik jalb qilindi. Qarzlarni jalb qilish asosan banklar – 1,8 mlrd. dollar, tekstil va to‘qimachilik sektori korxonalari – 71 mln. dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari – 154 mln. dollar tomonidan amalga oshirildi.
Shuningdek, o‘rganilayotgan davr mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 261mln. dollar miqdordagi asosiy qarz va 168 mln. dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.
Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 719 mln. dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 195 mln. dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini hanuzgacha neft-gaz va energetika sektori korxonalari hamda banklar amalga oshirmoqda.