O‘zbekistonning SSSRdan qolgan “ilma-teshik” gaz tizimini AQSH yamayapti
Jamiyat
−
25 Sentabr
25845SSSR davrida qurilgan va allaqachon yaroqlilik muddati tugab borayotgan O‘zbekistonning gaz quvurlarida yiliga 50 minglab gaz sizib chiqish holatlari kuzatiladi va byudjetning 10 million dollarlab mablag‘lari shunchaki havoga uchib ketadi. Bu AQSHning 20 yillik tajribaga ega bo‘lgan korxonasi – GasGreen Asia tomonidan aniqlangan ma’lumotlardir. Shu sababli ham O‘zbekistonning “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati 2023 yilda aniqlanayotgan ushbu gaz sizish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
“Bu loyiha haqiqatan ham O‘zbekistondagi butun gaz taqsimlash tizimidagi sizib chiqishlarni aniqlash va ta’mirlash bo‘yicha “Hududgazta’minot” bilan hamkorlik qilinayotgan 11 yillik sa’y-harakatlarimizning birinchi yil mahsulidir. Bu yil davomida O‘zbekistonning gaz taqsimlash tizimi bo‘ylab 52 000 dan ortiq individual gaz sizib chiqishini topib, ta’mirlashga muvaffaq bo‘ldik. Bilasizmi, bu gaz sizishlarining ba’zilari katta gaz taqsimlash punktlarida va hatto shundoqqina odamlar uylari yonida kuzatilgan. Shuningdek, odamlar uylariga biriktirilgan gaz regulyatorlarida ham kamchiliklar aniqlandi. Demak, gap O‘zbekiston uchun iqtisod qilingan juda katta mablag‘lar haqida ketmoqda. Taxminimizcha, shu paytgacha O‘zbekistonda gaz sizishi oqibatida isrof qilinib kelingan 100 million dollar qiymatidagi gazingizni tejab qoldik. Mahalliy aholi salomatligi, ularning gazdan zaharlanmasdan, xavfsiz yashashlari uchun bu juda muhim, deb hisoblaymiz. Qolaversa, bu atrof-muhit uchun juda katta yutuq.
Chunki havoga tarqalayotgan metan gazi global isish kabi iqlim o‘zgarishlariga olib keladi. Bu mintaqadagi eng nozik masala bo‘lib, kelgusi yillarda O‘zbekistonni suv va boshqa muammolar bilan yuzlashtirishi mumkin. Bu loyiha bunday bo‘lmasligi uchun ham kerak. Ikki oy oldin O‘zbekistondagi Oq uyda ushbu loyiha bo‘yicha so‘zga chiqishimni so‘rashdi va bu muvaffaqiyatni qanday qilib boshqa mamlakatlarda ham sinash haqida eshitishni istashdi. Shunday qilib, metan emissiyasining qisqarishi yiliga 7,8 million tonna karbonat dioksid (CO2) ekvivalentini tashkil etadi, bu biz ushbu loyiha orqali erisha olgan juda katta miqdordir. Yuqorida aytganimdek, bu biz bugun kelib, bir narsa qilib, keyin ketib, qo‘l berib, xayrlashadigan narsa emas. Biz O‘zbekistonga doimiy ravishda kelishga 10 yillik qo‘shimcha majburiyat oldik”, dedi loyiha rahbari Kevin Jeyms.
24 sentyabr kuni AQSH elchisining Toshkentdagi qarorgohida mazkur shartnomaning bir yilligi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va unda korxona mutasaddilari O‘zbekiston hukumati vakillarining savollariga javob berdi. Masalan, tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov GasGreen Asia aynan nima ish qilayotgani, yamalgan quvurlar qancha muddat chidash bera olishi haqidagi savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi.
“Aytaylik, mana bu gaz trubasi. Uning mana bu qismida gaz sizib chiqmoqda. Siz uni skotchladingiz yoki yamadingiz deylik, bu qancha mablag‘ talab qiladi?” dedi u.
Uning bu savoliga javoban loyiha rahbari Kevin Jeymes bu jarayonda avvalo gaz sizib chiqishini topa oladigan sezgir mashinadan foydalanilishi bilan javob berdi.
“Bu vaqtda faqat AQSHda ishlab chiqarilgan o‘ziga xos ikkinchi mashina daqiqasiga necha litrda metan sizib chiqayotganini o‘lchaydi. Keyin esa biz yiliga qancha tonna karbonat dioksid gazi (CO2) emissiyasi havoga chiqib ketayotganini hujjatlashtiramiz. Men sizga bu gaz sizishlarini tuzatish uchun qanday ilg‘or ta’mirlash materiallari ishlatilganligini ayta olaman. Yoriqlarni ta’mirlaganimizdan keyin har yili kamida bir marta, biz o‘sha ta’mirlagan nuqtalarimizga qaytib boramiz va ularning holati hali ham yaxshiligiga ishonch hosil qilamiz. Chunki biz gaz sizib chiqayotgan nuqtalarni tuzatish uchun faqat dunyodagi eng yaxshi materiallardan foydalanamiz”, dedi u davlat maslahatchisini ishontirib.
Bu tortishuv bejizga emas. Gap millionlab dollar investitsiyaning qanday sarflanayotgani haqida bormoqda. 10 yilga mo‘ljallangan loyiha agar o‘zini oqlamasa, ham vaqt, ham mablag‘ bekorga ketgan bo‘ladi. Biroq mas’ullarning aytishicha, dastlabki yillardanoq loyiha o‘z istiqbolini ko‘rsatmoqda.
“Bu loyiha 10 yil muddatga mo‘ljallangan. Uning umumiy qiymati 35 million AQSH dollariga teng. 2023-2024 yillar davomida jami 8,5 million to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan va ular gaz sizib chiqish holatlarini bartaraf etish maqsadida yo‘naltirilgan. Kelajakda yana 8 yil davomida 27 million AQSH dollar investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan”, deya loyiha qiymati haqida so‘z ochdi “Hududgazta’minot” AJ Investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Jabborov. Ammo o‘zbekning “Eskini yamasang, esing ketar” degan dono maqoli bor. Unga ko‘ra, sobiq Sovet davridan qolgan gaz quvurlaridagi teshiklarni qidirib, topib, yamab, bunda millionlab pul sarflagandan ko‘ra, butunlay yangilagan afzal emasmi? “Ha, to‘g‘ri, gaz tizimi nuqtai nazaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu yerda ekanligimizning sababi ham shu. Sizib chiqishlarni tuzatish uchun imkoniyatlar mavjud. Chunki tizimda juda eski jihozlar bor. Men O‘zbekistonda gaz tizimlari bilan naq 15 yildan buyon ishlab kelaman va tizimda katta yaxshilanishni ko‘rdim. Gaz quvurlari eskirgani uchun ham ular yangilayapti, yangi jihozlar o‘rnatilmoqda. Sizning gaz tizimingiz juda ulkan. Biz qilayotgan ish bu doimiy ravishda gaz tizimini takomillashtirish uchun bir qo‘shimchadir”, dedi Kevin Jeyms.
AQSH korxonasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Aziz Abdujabborovga ko‘ra, mana shu “yamash”ning o‘zini yangilash deyish mumkin.
“Ha, biz bemalol SSSR davridagi eski gaz quvurlarini yangilayapmiz, deya olamiz. Boisi sirtdan qaraganda eskiligicha qolayotgan bu quvurlarning ichki tomoni biz tomonimizdan butkul o‘zgartirilmoqda. Qishning o‘ta sovuq va yozning o‘ta issiq kunlarida kengayib-torayib qolmasligi uchun sifatli mahsulotlardan foydalanyapmiz”, dedi u.
Gap gaz sizishi haqida borar ekan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuz bergan holatni eslamaslik mumkin emas. Unda 4 kishi halok bo‘lgan, bir qancha odamlar jarohatlangan. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi bu holatni xorijliklar ham kuzatmoqda va muammoning bartaraf etilishiga umid bildirmoqda.
“Bilasizmi, AQSHda bu sohalarda tajribaga ega bo‘lgan ko‘plab korxonalar mavjud. Men bir kun oldin Energetika vaziri bilan gaplashdim. Vazirlik va tegishli idoralar AQSH kompaniyalari bilan aloqada ekanligidan xabarim bor. Lekin ular aynan qaysi kompaniyalar va kelishuvlarning tabiati bilan tanish emasman. Lekin ishonamizki, ular muammoni imkon qadar tezroq hal qilishadi. Umid qilamanki, boshqa hech kim qurbon bo‘lmaydi, hech kim zarar ko‘rmaydi”, dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
LiveBarchasi