O‘zbekistonning sobiq iqtisodiyot vaziri vafot etdi
Jamiyat
−
07 aprel 11867 2 daqiqa
Bugun, 7 aprel kuni davlat va jamoat arbobi Vyacheslav Arkadevich Golishev 75 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Vyacheslav Golishev 1951 yil 4 mayda Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini olgan. 1980 yilda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Mehnat faoliyatini matbaa sohasida iqtisodchi sifatida boshlab, keyinchalik Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishlagan.
1992-1995 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Golishev 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashning muhim yo‘nalishlariga rahbarlik qilgan.
Davlat boshqaruvi sohasidagi faol va tashabbuskor xodim sifatida ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etgan. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashgan.
Bir necha marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylangan, parlamentarizm, mamlakatdagi o‘zgarishlarning qonunchilik bazasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan. Yangi avlod iqtisodchi kadrlarini tayyorlash borasida ham faol ish olib borgan.
Vyacheslav Golishevning mamlakat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
“Davlat va jamoat arbobi, iqtisodiyot sohasidagi yirik olim va mutaxassis, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Vyacheslav Arkadevich Golishevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taniqli jurnalist, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat Karim Bahriyev 64 yoshida vafot yetgandi.
Live
Barchasi