O‘zbekistonning Rossiya bilan hamkorligi faol rivojlanayotgani e’lon qilindi
Olam
−
17 may
6101Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik mavjud xavf va tahdidlarga qaramay, turli sohalarda faol rivojlanishda davom etmoqda. Bu haqda Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Irina Rukavishnikova Federatsiya Kengashining O‘zbekiston Oliy Majlisi (parlament quyi palatasi) va Senati (yuqori palatasi) bilan hamkorligi bo‘yicha komissiya yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama mintaqalararo hamkorlik nafaqat kompaniyalar va tashkilotlar darajasida, balki fuqarolar o‘rtasida ham samarali hamkorlikni ta’minlamoqda, Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi yangi tahdidlarga munosib tarzda bardosh berib, turli yo‘nalishlarda faol rivojlanishda davom etmoqda”, deydi senator komissiya yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ikki davlat vakillari iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Rukavishnikova Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 10 foizdan ko‘proq oshgani, Rossiya eksportining o‘sishi qariyb 7 foizni, importi esa 18 foizga yaqinni tashkil etgani haqida ma’lum qildi.
“Bu yil ham ijobiy dinamika kutilmoqda”, deydi u.
Parlament a’zosi, shuningdek, sanoat va tadbirkorlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanganini bildirgan. Rukavishnikova qayd etganidek, tematik forumlar va ko‘rgazmalar bunday hamkorlikning samarali vositasiga aylangan. Bundan tashqari, mintaqalararo hamkorlikning to‘plangan huquqiy-me’yoriy bazasi ham muhim mexanizm hisoblanadi.
NNT qo‘llab-quvvatlash
Shuningdek, majlisda parlament a’zolari jamoat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilgan. Rukavishnikova bunday tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik mexanizmlari haqida gapirib, bu bir necha yo‘nalishda amalga oshirilayotganini urg‘ulagan.
“Ular orasida ijtimoiy yo‘naltirilgan nodavlat notijorat tashkilotlari, bolalar va o‘smirlar jamoat tashkilotlariga moliyaviy, mulkiy va konsultativ yordam ko‘rsatishni alohida aytishimiz mumkin. Shuningdek, davlat va diniy tashkilotlar bilan ishlaydigan davlat sektori mutaxassislari malakasini oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan NNT xodimlari uchun ta’lim dasturlarini o‘z ichiga olgan kadrlar bo‘yicha ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda”, deydi senator.
Qolaversa, Rukavishnikova axborot makonida notijorat tashkilotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi. Bunday tashkilotlar o‘z faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish uchun davlat organlarining xavfsiz raqamli platformalaridan foydalanishi mumkin.
“Bu imkoniyat notijorat tashkilotlarga o‘z platformalarini saqlash xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi, shuningdek, kiberhujumlarga qarshi ishonchli to‘siqni ta’minlaydi”, deydi Federatsiya Kengashining Qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.
Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, hozirda notijorat tashkilotlari faoliyati uchun to‘laqonli qonunchilik infratuzilmasi yaratilgan. Shu bilan birga, Rukavishnikova bunday tashkilotlarning ijtimoiy foydali salohiyatini yanada ochib berish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish zarurligini bildirgan.
“Ikki tomonlama parlament hamkorligimiz ikki davlatning milliy qonunchilik bazasini boyitish, davlat organlari va notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi formatlarini ishlab chiqish imkonini berishiga ishonchim komil”, deydi u.