O‘zbekistonning referendum to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgartish kiritilmoqda

Jamiyat

image

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga Saylov kodeksiga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartishlardan kelib chiqqan holda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar vakolatlarini aniqlashtirish, komissiyalar qarorlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, kuzatuvchilarning huquqlarini kengaytirish va boshqa bir qator tuzatishlar kiritish nazarda tutilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun loyihasi bilan 1 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Saylov kodeksi yangi tashkil etilgan viloyat, tuman, shaharda xalq deputatlari Kengashiga saylovni o‘tkazish uchun saylov okruglari sonini belgilash va saylovni o‘tkazish bo‘yicha tegishli saylov komissiyalarini tuzish hamda yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar amaldagi mahalliy kengashlar vakolati muddatiga saylanishiga va saylovni o‘tkazishga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Xususan, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunda saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki yangi hududiy birlik tashkil etilganda, ushbu saylov okruglaridan saylangan deputatning vakolatlari muddati tugatilmasligi va mahalliy Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonun yangi 401-modda bilan to‘ldirilib, unda ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilishda saylov okruglarining chegaralarini o‘zgartirishga oid qoidalar belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasi yangi ma’muriy-hududiy birliklar tashkil etilganda yoki ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralari o‘zgartirilganda saylovlarni o‘tkazish hamda mazkur hududlardagi deputatlarning vakolatlari bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilishga xizmat qiladi.

Mazkur qonun loyihalari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi yagona qonun loiyhasiga birlashtirilib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

referendum

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing