O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

 

Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash” tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga ko‘tarildi.

Shu bilan birga, ayrim rahbarlar reytinglar bilan ishlashga yetarlicha e’tibor qaratmayotganligi va xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlarda aksariyat islohotlar o‘z aksini topmayotganligi oqibatida ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi quyi pog‘onalarda qolmoqda.

Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish;

O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish;

davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning o‘rniga ta’siri nuqtai nazaridan kompleks baholab borish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi Kengashning ishchi organlari etib belgilansin.

Kengash ishchi organlari bo‘yicha taqsimlangan O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilashga qaratilgan ta’sirchan choralar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi hamda ushbu yo‘nalishda tizimli xalqaro hamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat o‘rnatiladi.

Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting va indekslarning Kengash ishchi organlari bo‘yicha taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mas’ul davlat organlari birinchi rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning bosh mezonlaridan biri etib O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda – KPI) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Mutasaddi vazirlik va idoralar o‘zlari mas’ul bo‘lgan reyting va indekslarning e’lon qilinishi muddatlari va ularning metodologiyalarini hisobga olgan holda, KPIga erishish maqsadida:

bir oy muddatda 2020 yil ikkinchi yarmi davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini;

har yil 1 dekabrga qadar kelgusi yil davomida amalga oshirishi lozim bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Kengashga kiritilishini ta’minlasin.

Bunda, xalqaro reyting va indekslarning navbatdagi nashrida zarur ko‘rsatkichni qayd etishga qaratilgan amaliy takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, reyting va indekslarni e’lon qiluvchi tashkilotlar hamda ularni tuzishda foydalaniladigan axborot manbalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini nazarda tutish lozim.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq mas’ul davlat organlarining birinchi rahbarlari har chorak yakuni bo‘yicha:

keyingi oyning 15-sanasiga qadar Kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etadi;

keyingi oyning 30-sanasiga qadar Kengash raisi yoki o‘rinbosarining rahbarligida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPI ga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot beradi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PF–5687-son Farmoni bilan tashkil etilgan Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya zimmasiga Kengash faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish va Kengash yig‘ilishlari oralig‘ida tegishli yo‘nalishda mas’ul davlat organlari ishini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatilsin.

6. Mas’ul davlat organlari hamda tadqiqot institutlari tegishli xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumotlarni Kengash ishchi organlariga muntazam ravishda taqdim etib borsin.

7. Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini aks ettirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida adliya organlari va muassasalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida 6 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu boshqarmaning yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar Internet tarmog‘ida “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalininг (keyingi o‘rinlarda – portal) ishga tushirilishini ta’minlasin.

Kengash ishchi organlari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda portal faoliyatining uzluksiz ishlashini ta’minlash va uni yangilab borish uchun mas’ul etib belgilansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul davlat organlari bilan birgalikda muntazam ravishda davlat va jamiyat hayotining xalqaro reyting va indekslar, ularning tarkibiy indikatorlarida baholanadigan sohalariga oid davlat siyosatidagi o‘zgarishlar va islohotlarning mohiyatini yoritish hamda sohada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 2 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmon

Baholaganlar

246

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing