O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
31 yanvar
12263O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi Turkiyada soxta guvohnomalar tayyorlab, firibgarlik qilayotganlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda konsulxonaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, oxirgi paytlarda Istanbuldagi ba’zi bir qo‘shtirnoq ichidagi shirkatlar tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga qonunga zid ravishda turli qalbaki hujjatlarni rasmiylashtirib berish, (“Oturma izni”, soxta guvohnomalar, qalbaki ma’lumotnomalarni tayyorlash) AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlariga borish uchun viza rasmiylashtirish vaji bilan ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li orqali o‘zlashtirish ishlari ko‘paymoqda.
“Eng achinarlisi shundaki, mazkur jirkanch ishini amalga oshirayotgan insonlarning aksariyati o‘z vatandoshlarimizdir. Bosh konsulxonaga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra yil boshidan boshlab hozirgi kunga qadar, 70 dan oshiq fuqarolarimizni hujjati soxtaligi tufayli Turkiyani tegishli idoralari tomonidan ularga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bunday holatlar tufayli Turkiyada qonuniy yashab kelayotgan fuqarolar ham bir qancha byurokratik to‘siqlarga uchramoqda.
“Bosh konsulxona yurtdoshlarimizni shunday “yolg‘on” shirkatlarga aldanmaslik, shubhali yoki qalbaki hujjatlarni Turk davlat idoralariga aslo topshirmaslik, pul, shaxsiy va muhim ma’lumotlarni begona shaxslarga bermasliklarini so‘raydi. Qilmish qidirmish, deyishadi. Hech bir aybli ish jazosiz qolmaydi”, deya murojaat qilgan konsulxona.
O‘z o‘rnida shu va boshqa turdagi og‘ir jinoyatlarni sodir etib kelayotgan firibgarlar haqidagi ma’lumotlar diplomatik vakolatxona tomonidan Turkiya va O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralariga berildi. Tez kunlarda ular qonun oldida javob beradi.
“Agar siz mazkur niqob ostidagi shirkatlar va shaxslar xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yozma yoki og‘zaki murojaat etishingiz mumkin. Sizning ko‘rsatmalaringiz va shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi