Kurs UZS

USD

12 947.20

26.76

EUR

14 222.50

-30.04

RUB

153.38

-0.14

O‘zbekistonning Islandiyadagi ilk elchisi tayinlandi

Olam

image

O‘zbekistonning Islandiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Ravshan Usmonov bugun, 7 fevral kuni Islandiya Prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqotda Prezident Tomasdottir ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston elchisining ushbu mamlakatga tayinlanishi oxirgi yillarda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning natijasi ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida aloqalarni jadallashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Islandiya yetakchisi energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Ravshan Usmonov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya)ni bitirgan.

2000 yildan tashqi siyosat bo‘limida ish boshlagan, markaziy apparatda va O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Keyin u Tashqi ishlar vazirligining Yevropa davlatlari va NATO bilan hamkorlik bo‘yicha direksiyasini boshqargan. Fransiyadagi elchi, shuningdek, Italiya va Portugaliyadagi o‘rindoshlik asosidagi elchi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yildan 2023 yilgacha Usmonov O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi bo‘lib ishlagan. U ayni paytda Buyuk Britaniyadagi elchi ham hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Siti” klubining o‘zbekistonlik futbolchisi Abduqodir Husanov O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Islandiya Ravshan Usmonov Xalla Tomasdottir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing