Muhrlangan yotoqxonalar qachon ochiladi? Mas’ullar mujmal javob bermoqda

Intervyu

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi kecha, 2 fevral kuni kutilmaganda maktab, oliy ta’lim muassasalari, kollej va texnikumlarda 7 fevraldan an’anaviy ta’limga qaytilishi haqida qaror qabul qildi.

Xo‘sh, ushbu kutilmagan yangilikka O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari qanchalik tayyor? Talabalar turar joyi viloyatdan o‘qish uchun poytaxtga keladigan talabalarni qabul qilishga hozirmi? Yotoqxonalar qachonda ochiladi? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ eng yirik OTMlardan biri – O‘zbekiston milliy universitetiga bordi va muassasa mas’uli bilan suhbatlashdi.

Nozima Nazirova, muxbir: — Milliy universitetda talabalar turar-joyi qachondan ochiladi?

Miralisher Hasanov, O‘zMUning Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi: — Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining rasmiy sahifasida joriy yilning 7 fevralidan boshlab Respublikadagi barcha OTMda ta’lim an’anaviy shaklga o‘tishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Talabalar turar-joyi haqida aytadigan bo‘lsam, talabalar qishki ta’tilga ketishganida, dezinfeksiya ishlari olib borildi. Talabalar qaytishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Talabalar bilan tuzilgan shartnomalar hozir ham o‘z kuchida. Shartnomaga ega bo‘lgan talabalar yana yotoqxonaga joylashishi mumkin. Talabalar hozirdan poytaxtga kelishni boshlashsa, yotoqxonaga qabul qilinadi. Bu bo‘yicha fakultet dekanlari va tyutorlari tomonidan talabalarga ma’lumot beriladi.

N.N: — Talabalar turar-joyida talabalar uchun qancha joy ajratilgan?

M.H: — Milliy universitetiga qarashli 10 ta yotoqxonamiz mavjud. Bugungi kunda yotoqxonalarimizda 5 mingdan ortiq talabaga joy ajratilgan. Talabalar qishki ta’tilga ketguniga qadar, yotoqxonalarda 4800 nafar talaba istiqomat qilgan.

Mamlakatdagi eng yirik oliygoh – O‘zbekiston Milliy universiteti yotoqxonalarini ko‘zdan kechirish jarayonida ularni faqat tashqaridan ko‘ra oldik, xolos. Boisi yotoqxonalar eshiklariga hamon muhr urilganicha turibdi. Ular qay vaqt ochilib, qay vaqt dezinfeksiya ishlari olib borilgani ham mavhum. Ko‘plab shunday savollarga esa biz bilan suhbatlashishi kerakligi aytilgan mas’ul yelka qisdi. Yotoqxona komendantining esa bino qachon ochilishi, talabalarga qachondan joylashishga ruxsat berilishidan xabari yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

OTM Talabalar turar joyi

Baholaganlar

111

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing