O‘zbekistonning eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi vafot etdi
Jamiyat
−
21 iyun 24139 1 daqiqa
Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekistondagi eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro‘ziboy Sattorov 116 yoshida vafot etdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatidan Ikkinchi jahon urushida 47 ming 51 nafar kishi, jumladan, 95 nafar xotin-qiz ishtirok etgan. Urush qatnashchilarining 22 ming 77 nafari frontdan sog‘-omon qaytgan bo‘lib, ular orasida qamashilik Ro‘ziboy Sattorov ham bor edi.
Ro‘ziboy Sattorov nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki butun O‘zbekistondagi eng keksa Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi sifatida e’tirof etilgan.
Qayd etish joiz, o‘tgan yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi rahbarlar 115 yoshni qarshi olgan faxriyning xonadoniga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirilgan va pul mukofoti topshirilgan.
O‘shanda suhbat chog‘ida Ro‘ziboy Sattorov samolyotda parvoz qilish bir umrlik orzusi ekanini aytgan. Shundan so‘ng Prezident topshirig‘i bilan 115 yoshli faxriyning orzusini ro‘yobga chiqarish maqsadida harbiy samolyot ajratilgan va u havoga ko‘tarilib, uzoq yillik orzusini amalga oshirgan edi.