O‘zbekistonning Chernogoriyadagi birinchi elchisi tayinlandi
Olam
−
27 noyabr
1349O‘zbekistonning Vengriya, Xorvatiya va Sloveniyadagi elchisi bo‘lgan Oybek Shaxavdinov Chernogoriyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Shaxavdinov joriy yilning 25 noyabr kuni Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Chernogoriya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bo‘yicha kelajakdagi vazifalar muhokama qilingan. Prezident Yakov Milatovich ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalardagi salohiyatni yuqori baholagan. U sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidlagan.
46 yoshli diplomat Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura), Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining tarjimonlar tayyorlash kursini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshlagan, so‘ngra TIVning Yevropa davlatlari bilan hamkorlik boshqarmasida referentlikdan boshqarma boshlig‘i singari diplomatik xizmatning barcha bosqichlarini bosib o‘tgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida ishlagan. Shaxavdinov ingliz, rus va fransuz tillarini mukammal biladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Chernogoriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2006 yil 19 dekabr kuni o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Oybek Shaxavdinov joriy yilning mart oyida O‘zbekistonning Vengriyadagi birinchi elchisi etib tayinlangandi. Shuningdek, oktyabr oyida Xorvatiya va Sloveniyadagi ilk elchisi bo‘lgandi.
LiveBarchasi