O‘zbekistonning bugungi raqibi Gruziya qanday terma jamoa?

Sport

image

Bugun, 15 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida Gruziya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 

O‘zbekiston va Gruziya terma jamoalari shu paytgacha bir marta to‘qnash kelgan. 2017 yilda bo‘lib o‘tgan bahsda jamoalar 2:2 hisobida durang o‘ynagan. O‘sha o‘yinda Eldor Shomurodov “salibchilar” darvozasiga ikkita gol kiritgan. 

Gruziya terma jamoasi 1991 yildan buyon xalqaro maydonlarda o‘ynab keladi. 2021 yil oktyabr holatiga ko‘ra, jamoa FIFA reytingida 93-o‘rinda bo‘lsa, UEFA reytingida 39-o‘rindan joy olgan.

Gruziya uy uchrashuvlarini Tbilisidagi Boris Paychadze nomidagi “Dinamo Arena”da o‘tkazadi. Terma jamoaning saralash bosqichlaridagi eng yaxshi natijalari 1996 yilgi Yevropa chempionati va 2002 yilgi Jahon chempionati saralashidagi uchinchi o‘rin sanaladi. Eng yomon natijasi esa JCH-2010 saralashida qayd etilgan. O‘shanda gruziyaliklar birorta ham g‘alaba qozonmay, antirekord o‘rnatgan (3 durang va 7 mag‘lubiyat). Shuningdek, JCH-2018 saralash bosqichini ham g‘alabasiz yakunlagan (5 durang va 5 mag‘lubiyat). Terma jamoaning eng yaxshi to‘purari Toshkentning “Paxtakor” jamoasi sobiq bosh murabbiyi Shota Arveladze hisoblanadi.

Gruziya terma jamoasining ayni paytdagi bosh murabbiyi Villi Sanol hisoblanadi. U Fransiya terma jamoasi bilan 2006 yilgi Jahon chempionatida 2-o‘rinni egallagan.

JCH-2022 saralash bosqichida gruzinlar “B” guruhida Ispaniya, Shvetsiya, Gretsiya va Kosovo terma jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi va 7 ochko bilan 4 o‘rinni egallagan holda Qatarda o‘tadigan mundial yo‘llanmasidan quruq qoldi. Qozonning “Rubin” klubi a’zosi Xvicha Kvaratsxeliya jamoaning eng taniqli futbolchisidir. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da Gori shahridagi “Tengiz Burjanadze” stadionida bo‘lib o‘tadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya O'zbekiston FIFA UEFA

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing