O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi ishdan olindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Lekin bu loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklar kuzatilayotgani qayd etilgan. 

Endilikda “yo‘l xaritalari” Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritilishi belgilangan. 

Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birga “yo‘l xaritalari”ni davlatlar kesimida, “loyihabay” muhokama qilish topshirilgan. 

Davlat rahbari xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha ham ko‘p e’tirozlar borligini bildirgan. Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etilgan, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, O‘mon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada ko‘rinmayotgani qayd etilgan. 

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish, o‘z vazifasini bajara olmayotganlarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritish topshirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing