O‘zbekistonning Andorradagi birinchi elchisi Makron bilan uchrashdi
Jamiyat
−
11 mart 2025 3273 2 daqiqa
O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng, ikki o‘rtada muloqot bo‘lib o‘tgan. Muloqot chog‘ida diplomat Fransiya rahbariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazgan. Emmanuel Makron ham O‘zbekiston rahbariga o‘z hurmati va minnatdorligini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.
Qolaversa, Fransiya yetakchisi O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhim vazifa ekanini alohida ta’kidlab, elchining professional diplomatik mahorati mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga ishonch bildirgan.
“Biz O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratamiz va barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyormiz”, degan Emmanuel Makron.
Ma’lumot uchun, Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi sifati 2023 yil 7 dekabr kuni Madrid shahriga borgan. Diplomat 2024 yil 9 aprel sanasida O‘zbekiston elchisi sifatida Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Shuningdek, Farrux Tursunov O‘zbekistonning “BMT Turizm” tashkilotidagi (avvalgi Butunjahon turizm tashkiloti) doimiy vakili hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yilning 11-13 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Tashrif doirasida Parij shahrida oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi