O‘zbekistonning 6 ta hududi transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning oltita hududi transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirilishi mumkin. Bu haqda bugun, 1 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish taklif etilgan.

Xonobod shahri “Xitoy yo‘li darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron tranzit yo‘laklariga xizmat qiladi. Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.

Olot tumani “O‘rta yo‘lak darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron yo‘nalishlariga, Termiz tumani esa “Transafg‘on yo‘lagi darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on – Pokiston transport yo‘lagiga ixtisoslashadi.

Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 million dollarlik imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yo‘naltirish nazarda tutilmoqda. Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma byudjet hisobidan barpo etiladi.

Shuningdek, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish, Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini barpo etish, Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish, Ohangaron tumanida “A” toifadagi yirik logistika markazini qurish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Taqdimotda raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasiga integratsiya qilish, avtotransport vositalarini onlayn kuzatish, avtotransport raqamlarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirilgan.

Chegara o‘tkazish punktlarida “yagona to‘xtash” (one stop) tamoyilini joriy qilish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etilgan.

Sohada xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif qilingan.

Prezident transport-logistika tizimi mamlakat eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Mutasaddilarga xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing