O‘zbekistonning 4,25 trln so‘mlik “yashil” obligatsiyalari London fond birjasida joylashtirildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston ilk marta  4,25 trln so‘mlik yashil suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollarlik xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.  Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk yashil suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

Yashil obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temir yo‘l va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi ob’ektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlarni yaratish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga BMTning rivojlanish dasturi jalb qilingan. Yashil obligatsiyalar dasturi bo‘yicha “Sustainalytics” tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

“O‘zbekistonning milliy valyutadagi “yashil” obligatsiyalariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon to‘lovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lindi. Mazkur tranzaksiya bilan so‘ndirish muddati joriy yilning 23 noyabr kuni bo‘lgan 1,9 trln so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin so‘ndirildi”, deyiladi vazirlikning ma’lumotida.

Ichki moliya bozorlarida so‘nggi o‘tkazilgan auksionda (26 sentyabr) 2 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkalari 17,57 foizni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSH dollaridagi O‘zbekiston 5 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,5 — 8,625 foiz oralig‘ida e’lon qilindi. Ikkilamchi bozorda O‘zbekistonning 2029 yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalari foiz stavkasi 8,1 foizga yetgan. Xususan, so‘nggi bir haftada (27 sentyabr — 7,67 foiz) foiz stavkalari 0,43 foizga oshgan.

Buyurtmalar kitobi 1,7 mlrd dollarga yetganda, foiz stavkalarni 8,25-8,375 foizga tushirishga erishildi. 

Yakuniy talab 2 mlrd dollarga yetgach, 660 mln dollar miqdoridagi obligatsiyalar 8,125 foiz stavkada hamda 7,85 foiz kuponda chiqarildi. Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligatsiyalarni investorlarga 98,888 foiz narxda sotilishini anglatadi. Ya’ni mazkur tranzaksiyadan 652,6 mln dollar mablag‘ kelib tushadi.


Maqola muallifi

Teglar

obligatsiya London fond birjasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing