O‘zbekistonning 2 samolyoti Sochi aeroportiga qo‘na olmadi
Jamiyat
−
12 aprel 2022
14714Kuchli yomg‘ir va shamol tufayli O‘zbekistonning 2 ta va Rossiyaning 1 ta samolyoti Sochi aeroportiga qo‘na olmadi. Shu sabab havo kemalari Mineralniye Vodi aeroportiga jo‘nab ketgan. Bu haqda Sochi1.ru Sochi aeroporti matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, dastlab “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Toshkentdan uchgan samolyoti kurort shahar aeroportiga yaqinlashganda, ortiga burilib, Mineralniye Vodi aeroporti tomon uchib ketgan. Namangandan Sochiga uchgan navbatdagi reys ham Sochi yaqinidagi muqobil aerodromga yo‘l olgan. Keyinroq, Moskvadan uchgan “Aeroflot” reysi ham zaxira aerodromga yo‘naltirilgan.
“Ob-havo barqarorlashishi va qo‘nish sharoiti yaxshilanishi bilanoq reyslar belgilangan aeroportga yetib boradi”, deyiladi xabarda.
Sochi rahbariyatining qo‘shimcha qilishicha, kurort shaharda kuchli yomg‘ir va shamol, noqulay ob-havo barqaror holatga kelguncha samolyotlar parvoziga ruxsat berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Minsk–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga chiqqan Airbus A-320 samolyoti mina o‘rnatilgani haqidagi anonim xabardan keyin Domodedovo aeroportiga qo‘ndirilgandi.
Keyinroq “Uzbekistan Airways” AJ matbuot xizmati A320 havo kemasi Rossiya havo hududida bo‘lgan vaqtda aviakompaniya, shuningdek, Rossiya va Belarus aviatsiya xizmatlari xodimlarining e-mail manzillariga anonim manzildan havo kemasida bomba joylashgani haqida ma’lumot yuborilganini ma’lum qildi.
Shunga ko‘ra, havo kemasining yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari xavfsizligini ta’minlash maqsadida A320 havo kemasi komandiri samolyotni tekshirish va ko‘zdan kechirish maqsadida eng yaqin Domodedovo xalqaro aeroportiga qo‘nishga qaror qilgan.
Layner, yo‘lovchilar, ularning yuklari, yuk va pochta belgilangan tartibda tekshirilgach, havo kemasining minalashtirilgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmagan.
LiveBarchasi