O‘zbekistonliklar uchun Tailandga viza olish tartibi tushuntirildi

Jamiyat

−

image

Tailand Qirolligi hukumati qaroriga muvofiq, joriy yil 15 sentyabrdan boshlab, Tailandga, jumladan, turistik maqsadlarda tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mamlakatga borishdan oldin Tailand elektron vizasini rasmiylashtirishlari lozim. O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi vizani rasmiylashtirish tartibini tushuntirdi.

Qayd etilishicha, Tailand elektron vizasi mamlakat hukumatining rasmiy veb-sayti – www.thaievisa.go.th orqali onlayn tarzda ariza to‘ldirish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.

Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, ariza beruvchi 40 AQSH dollari miqdoridagi vizaviy yig‘imni naqd pul shaklida Tailandning Rossiya Federatsiyasidagi (Moskva shahri) elchixonasida to‘lashi lozim. To‘lovni uchinchi shaxslar, jumladan, turagentlar orqali amalga oshirishga ham ruxsat etiladi.

Shu bilan birga, vizani rasmiylashtirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish jarayoni vizaviy yig‘im to‘langanidan keyingina boshlanadi.

Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqish muddati 10 kundan oshmasligi belgilangan. Biroq amalda vizani tasdiqlash to‘g‘risidagi xabar to‘lov amalga oshirilganidan keyin o‘rtacha 15 kun ichida elektron pochta manziliga yuborilmoqda.

Shuningdek, ayrim holatlarda elektron viza rasmiylashtirish veb-saytida texnik nosozliklar kuzatilishi mumkin. Jumladan, ariza holati saytda muvaffaqiyatli ko‘rib chiqilgan deb ko‘rsatilgani holda, vizani tasdiqlovchi hujjat ariza beruvchining elektron pochta manziliga kelib tushmasligi holatlari ham qayd etilgan.

Elektron vizani rasmiylashtirish bosqichlari:

  • Shaxsiy akkaunt yaratish;
  • Elektron anketa to‘ldirish;
  • Qo‘shimcha hujjatlarni yuklash;
  • Arizani ko‘rib chiqishni kutish;
  • 40 AQSH dollari miqdoridagi vizaviy yig‘imni to‘lash;
  • Viza tasdig‘ini ariza beruvchining elektron pochta manziliga olish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand Moliya vazirligi mamlakatdan chiqish uchun yangi soliq joriy etish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, dastlabki bosqichda yig‘im miqdori 1 ming batni (qariyb 30 dollar) tashkil etadi, shu bilan birga qonunning cheklangan yuqori miqdori 5 ming bat (qariyb 150 dollar) etib belgilanmoqda. To‘lovni Tailanddan uchib ketayotgan barcha aviayo‘lovchilardan (bir nechta toifalardan tashqari) undirish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing